Jahon | 20:56 / 16.01.2026
1403
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda telekanallarga rus tilidagi kontent namoyishi qisman cheklandi

Mahalliy telekanallardan rus tili va boshqa tildagi kontent ulushini 40 foizdan oshirmaslik talab qilinmoqda.

Foto: AKIpress

Qirg‘iziston hukumati telekanallardan milliy tildagi efir ulushini qonunchilik talablariga muvofiq 60 foizga yetkazishni talab qildi. Bu haqda Qirg‘iziston madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Marat Tagayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi xususiy kanallar talablarga rasman rioya qilish uchun o‘n yil avvalgi qirg‘iz tilidagi dasturlarni takroran namoyish etadi va mahalliy kontent yaratmaydi.

«Biz xususiy telekanallar va ularning o‘z strategiyalari rivojlanishiga to‘sqinlik qilmaymiz. Ammo qonun talablari, ayniqsa, qirg‘iz tiliga oid normalar qat’iy bajarilishi shart. Men media-bozordagi vaziyat bilan tanishman, ammo biz tomoshabinlar huquqlarini himoya qilishga majburmiz», dedi Tagayev.

Uning ta’kidlashicha, telekompaniyalarga «Qirg‘izfilm» va «Qirg‘izserial» fondlaridan 400 dan ortiq film, 40 ta multfilm va 10 ta serial bepul taqdim etilgan.

Fevral oyining oxirigacha ular o‘zini qirg‘iz tilidagi kontent bilan ta’minlashi uchun ushbu muassasalar bilan shartnoma tuzishi kerak. Aks holda, vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hukumat yil oxirigacha «bunday xususiy telekanallarga nisbatan chora ko‘radi».

Televideniyeda davlat tilini qo‘llash to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar o‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan. Bungacha kanallar efir setkasining 50 foizini qirg‘iz tilidagi kontent bilan to‘ldirishi kerak edi.

Ayni paytda Qirg‘izistonda 42 ta telekanal faoliyat yuritmoqda, ulardan ikkitasi (MTRK va ELTR) rasman davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, «Mir» davlatlararo teleradiokompaniyasi ishiga ham g‘azna hisobidan haq to‘lanadi.

Mavzuga oid