Jahon | 08:24
3389
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina tinchlikka to‘siq bo‘lmagan va bo‘lmaydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donald Trampning “Ukraina Rossiyaga qaraganda tinchlikka kamroq intilyapti” degan so‘zlariga qo‘shilmasligini bildirdi. Uning fikricha, Rossiyaning zarbalari Moskva “umuman kelishuvlarga qiziqmasligi”ni ko‘rsatadi.

Foto: REUTERS

Ukraina Rossiya boshlagan urushni yakunlashga to‘siq emas, deb bayonot berdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Bu haqda u payshanba kuni, 15 yanvarda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan telefon orqali suhbatidan so‘ng e’lon qilingan videomurojaatida aytdi. Shu tariqa Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning yaqindagi bayonotiga munosabat bildirdi.

“Biz Amerika bilan diplomatik ish haqida ham gaplashdik — Ukraina hech qachon tinchlikka to‘siq bo‘lmagan va hech qachon bo‘lmaydi”, — dedi Zelenskiy Ryutte bilan suhbatini nazarda tutar ekan.

Bir kun avval Donald Tramp Reuters agentligiga bergan intervyusida Ukraina, Rossiyadan farqli ravishda, “tinchlik kelishuviga kamroq tayyor” ekanini aytgan edi. Nega AQSh rahbarligidagi muzokaralar to‘rt yillik urushni tugatishga olib kelmagani haqidagi savolga Tramp “Zelenskiy”, deb javob bergan, ammo tafsilotlarni aniqlashtirmagan.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, RFning Ukrainaning energetika infratuzilmasiga davom etayotgan hujumlari Moskva tinchlikni xohlamayotganini namoyon qiladi. “Aynan Rossiya raketalari, Rossiya dronlari, uchuvchisiz apparatlari va Rossiyaning Ukrainani yo‘q qilishga urinishi — Rossiya umuman kelishuvlarga qiziqmasligining yaqqol isbotidir”, — dedi Volodimir Zelenskiy.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 15 yanvar kuni Donald Trampning fikriga qo‘shilishini bildirdi. “Bu fikrga qo‘shilish mumkin, bu haqiqatan ham shunday. Prezident Putin va Rossiya tomoni o‘z ochiqligini saqlab qolmoqda”, — dedi u.

2025 yil dekabrida Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSh razvedkasi bahosiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin omma oldida tinchlik kelishuvi tuzish istagi haqidagi bayonotlariga qaramay, hali ham Ukraina butun hududi ustidan nazorat o‘rnatishga intilyapti.

Reuters manbalariga ko‘ra, amerikalik razvedkachilarning xulosalari ko‘p jihatdan Yevropa maxsus xizmatlarining baholari bilan hamohang.

Yevropa siyosatchilari bir necha bor Rossiya prezidenti tinchlikka qiziqmasligini ta’kidlab kelgan. Xususan, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful dekabr boshida Putin Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini boshlamaslik uchun izchil ravishda bahonalar izlayotganini aytgan edi.

Mavzuga oid