Jamiyat | 12:14
1900
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning ishlari tugamaydi - unutilgan vaqt, kechirilmagan inson qissasi

Hayotimiz davomida ko‘p narsani keyinga qoldiramiz. Yaqinimizga qo‘ng‘iroq qilishni, ikki og‘iz suhbatni, arzimas istaklarni bajarishni ham ortga suramiz. Hali vaqt borligiga ishonamiz. Bugun «5 daqiqa» da O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» asari haqida gaplashamiz. Ushbu kitob o‘qib tugatilganidan keyin ham ongingizda yashay boshlaydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Dunyoning ishlari» bir qaraganda xotiralar majmuasi, parcha-parcha voqealar yig‘indisidek tuyuladi. Biroq asardagi har bir hikoya, har bir epizod mustaqil holda o‘qilishi mumkin, ularning barchasi yagona ma’naviy markazga — ona obraziga bo‘ysundirilgan. Bu yerda onaga qahramon sifatida emas, hayot manbai sifatida qaraladi.

Bolalik — muallif uchun eng sof, eng rost davr. «Oq, oydin kechalar» orqali o‘quvchi ona va bola o‘rtasidagi munosabatning ilk shaklini ko‘radi. Ona bolaga hayotni o‘rgatmaydi, balki uni his qilishni anglatadi. Oy va yulduzlar, tun va sukut — bular shunchaki tabiat manzarasi emas, balki bola qalbiga joylanayotgan birinchi ma’naviy tushunchalardir. Ona yulduzni yetim deb ataganida, bola ongida rahm-shafqat va yo‘qotish tushunchalari shakllana boshlaydi.

Onalar o‘lmaydi…

Asarning «Tasalli» qismida ona vafoti bilan inson hayotidagi eng og‘ir uzilish tasvirlanadi. Qabriston, yomg‘ir, quyosh va go‘rkovning so‘zlari — bularning barchasi inson o‘zini aldash uchun topadigan tasallilardir. Ammo ichki dard bitta: ona tirik paytida aytilmagan minnatdorlik.

Kitobda ona o‘limidan keyin ham hayotdan chiqib ketmaydi, u farzandining ongida chiroq ko‘tarib yuradi. Bu chiroq — vijdon ramzi. Muallif kech qaytishlarini, beparvolikni, onaning tunlari uyqusiz qolishi sababini ortiga qarab anglaydi. Bu yerda asar zamonaviy inson muammosini ko‘taradi: ish, yig‘in, do‘stlar bahonasida ota-onaga ajratilmay qolgan vaqt — keyin o‘rni to‘lmaydigan yo‘qotishlardir.

Ona nafaqat o‘z farzandlari, balki butun mahalla, butun jamiyat oldida mas’uliyat his qiladi. Uning «qarzi» — pul bilan o‘lchanmaydigan qarz. U ko‘chada yig‘layotgan begona bolaga ham rahm qiladi, bag‘riga bosib odamiylik darsini beradi. Uning uchun yig‘layotgan bolaning «begonasi» yo‘q. Bu holatda ona butun bir avlodning vijdoni sifatida namoyon bo‘ladi.

Vaqt unchalik ko‘p emas

Asardagi «Gilam paypoq» hikoyasini har safar o‘qiganimda, yuragim og‘riydi. Ona bu ishni qahramonlik deb bilmaydi. U faqat ona bo‘lgani uchun shunday qiladi. Qishning qorong‘i sovug‘ida, yupqa kalishni oyog‘iga ilgancha bolasini tabibga olib chopadi. Va bir umrlik kasallikni orttirib oladi. Keyinchalik farzand olib kelgan gilam paypoqlar — kechikkan minnatdorlik, kech anglangan haqiqat ramziga aylanadi.

Ona bir o‘rinda o‘g‘li bilan suratga tushishni istaydi. O‘g‘liga bir xotira qoldirmoqchi bo‘ladi. Farzand esa «dunyoning ishlari» bilan band edi, vaqt bor-ku, deb ko‘chaga otlanadi. Ona esa vaqti yetib kelganini tushunib turardi. Kunlar keladi, qahramonimizning hamma bilan surati bor, ammo onasi bilan tushgan surati bo‘lmaganidan o‘ksinadi.

Hayot yolg‘onchi, hamma ham sizga sodiq emas, xiyonat qilishi mumkin. Faqat ona hech qachon xiyonat qilmaydi. Ona obrazi shu tariqa butun asar davomida axloqiy tirgak vazifasini bajaradi.

Xulosa

«Dunyoning ishlari»ni o‘qib chiqqach, inson o‘z onasi haqida yangi narsa bilib olmaydi. U faqat o‘zi bilib yurgan, ammo kechiktirib kelgan haqiqatga ro‘baro‘ keladi. Bu kitob sizni yopib qo‘yganingizdan keyin ham tinch qo‘ymaydi: voqealar xotirangizda, kundalik oddiy harakatlaringizda yashay boshlaydi. Shuning uchun ham bu asar haqida eshitishning o‘zi yetarli emas, uni, albatta, topib o‘qish kerak.

Mavzuga oid