O‘zbekiston | 17:10
985
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning tashqi siyosiy vaznini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi

O‘zbekistondagi siyosiy tadqiqot doiralari prezident murojaatnomasini muhokama qilib, ichki islohotlar orqali tashqi siyosiy salohiyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan ekspert xulosalari va amaliy takliflarni ishlab chiqdi.

Foto: Progressiv islohotlar markazi

16 yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Progressiv islohotlar markazi, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar markazi hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamkorligida “O‘zbekistonning ichki modernizatsiyasi va tashqi siyosiy salohiyati: iqtisodiy transformatsiya, inson kapitalini rivojlantirish va xalqaro mavqeini mustahkamlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida belgilangan yangi taraqqiyot bosqichining ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Unda iqtisodiy transformatsiya, inson va ijtimoiy kapitalni rivojlantirish, ochiq va raqobatbardosh bozor muhitini shakllantirish masalalari – O‘zbekistonning ichki taraqqiyoti bilan bir qatorda tashqi siyosiy sub’yektligi va xalqaro mavqeyini mustahkamlashning muhim omillari sifatida atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, diplomatik tuzilmalar, tahliliy markazlar hamda akademik doiralar vakillari ishtirok etdilar. Davra suhbatining ochilish marosimida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Sanjar Valiyev hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Akram Umarov so‘zga chiqdi.

Davra suhbati uchta tematik sessiya doirasida tashkil etildi. Birinchi sessiya samarali davlat boshqaruvi va xavfsiz tashqi siyosiy muhitni shakllantirish masalalariga bag‘ishlandi. Ikkinchi sessiyada raqobatbardosh iqtisodiyot va barqaror rivojlanish, iqtisodiy o‘sish, investitsiyalar hamda makroiqtisodiy barqarorlikning tashqi siyosatdagi o‘rni muhokama qilindi. Uchinchi sessiya doirasida esa ijtimoiy kapital, jamiyat farovonligi va inson salohiyatining “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyotidagi hal qiluvchi ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar O‘zbekistonning xalqaro muloqot va hamkorlik maydonidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, ichki islohotlarning izchil va tizimli amalga oshirilishi – tashqi siyosiy imkoniyatlarni kengaytirish, tashqi xatarlarni kamaytirish hamda mamlakatning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning ichki islohotlari orqali tashqi siyosiy salohiyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan ekspert xulosalari va amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Shuningdek, tashqi siyosat va strategik rivojlanish masalalari bo‘yicha akademik va ekspertlar o‘rtasidagi muloqotni yanada chuqurlashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Mavzuga oid