Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Siti» derbida taslim etildi, muxlislar Vinini yig‘latishdi
Bu turda «Arsenal» va «Liverpul» ham ochko yo‘qotdi, Abduqodir Husanov navbatdagi kuchli o‘yinini o‘tkazdi, ammo jamoasi yutqazdi. Madridda esa «Real» futbolchilari va Peres hushtakbozlikka uchradi.

«Manchester Yunayted» – «Manchester Siti» 2:0
Gollar: Mbeumo, 65 (1:0). Dorgu, 76 (2:0)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou (Heven, 90+1), Dalot, Kazemiro (Ugarte, 81), Maynu, Brunu Fernandesh (Maunt, 90+1), Dorgu, Diallo, Mbemo (Kunya, 71)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Husanov, Alleyn (O`Rayli, 46), Ake, Lyuis, Rodri, Bernardu Silva (Ayt Nuri, 80), Foden (Sherki, 46), Doku (Reynders, 80), Semenio, Holand (Mukasa, 80)
Ogohlantirishlar: Dalot, 11. Shou, 17 – Rodri, 45. O`Rayli, 48. Lyuis, 75
«Old Trafford»dagi o‘yinda mezbonlar ilk daqiqalardanoq raqib jarima maydonini shturm qilishga kirishdi. Uchinchi daqiqadayoq Maguayrning zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi. Bo‘limning qolgan qismida ham favoritlar emas, maydon egalari katta ustunlikka ega bo‘lishdi.
Birinchi bo‘limning o‘zida ikki vaziyatda «Siti» futbolchilarining o‘ta qo‘pol xatolari golga olib kelishi mumkin edi. Avvaliga himoyada majburan o‘ynatilayotgan yosh Alleynning darvozabon tomon uzatmasi o‘ta kuchsiz chiqdi va to‘pni raqib egallab olishiga bir baxya qoldi, ammo Donnarumma to‘pga yetib kelishga va uzoqlashtirishga ulgurdi. Keyin esa tajribali Rodri o‘z jarima maydonida turib ortga pas berishda xato qildi, bu safar Husanov qutqardi. «MYu» futbolchilari ikki bor darvozani ishg‘ol qilishdi ham, ammo bu gollar kichik ofsayd holatlari tufayli bekor qilindi. Dorguning zarbasidan keyin esa Donnarumma yaxshi harakat qildi.
Boshqa tomondan, Dalotning qo‘polligi mezbonlarga qimmatga tushishi ham mumkin edi. «MYu» himoyachisi butsasining ostki qismi bilan Dokuning oyog‘iga zarba berdi, ammo hakam kontakt kuchsiz bo‘lganini inobatga olib, qizil kartochka ko‘rsatmadi.

Gvardiola tanaffusdayoq almashtirishlar amalga oshirdi. Foden va Alleyn o‘rniga Sherki va O'Rayli maydonga tushdi. Ammo o‘yin kartinasi o‘zgarmadi. «Siti» birinchi bo‘limdagi kabi to‘pga egalik qilishda davom etdi, ammo golli vaziyatlar faqat «MYu»da bo‘ldi.
O‘yinning 56-daqiqasida aynan O'Rayli Dorguni o‘tkazib yubordi va jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi. Donnarumma uning zarbasini qaytardi, ammo keyin Ake to‘pni uzoqlashtira olmadi va Kazemiroda hisobni ochish uchun o‘ta qulay imkoniyat yuzaga keldi. Ammo u ikki metrdan turib yo‘llagan zarbani hali yerda yotgan darvozabon oyoqlari bilan qaytarib qoldi.

Keyin esa shu kunlarda Afrika kubogidan qaytib kelgan Mbeumoning o‘zida ikkita golli vaziyat bo‘ldi. Donnarumma uning birinchi zarbasini qaytardi, ammo ikkinchi vaziyatda qarshi hujumda «uchga ikki» holatiga chiqib ketgan «MYu» hisobni ochdi.
«Siti» shundan keyin uyg‘onishi kutilgandi, ammo bu ro‘y bermadi. Mehmonlar shundan keyin ham xavfli qarshi hujumlarni o‘tkazib yuboraverishdi. Kunya o‘ng qanotdan diagonal uzatma berdi va to‘pga «Siti» himoyachilaridan biri yetib kelishiga shubha yo‘q edi, ammo ular yana passiv harakatlanishdi va Dorgu ikkinchi golni urdi.
Hisob 2:0 ko‘rinishini olganidan keyin ham «MYu» hujumkorlikni davom ettirdi. Dialloning zarbasi ustunga tegdi, Mauntning goli mikroskopik ofsayd holati tufayli bekor qilindi. Hisob yirik ko‘rinish olmagan bo‘lsa-da, mezbonlar o‘yin borasida mutlaq ustunlikka erishishdi. «Siti» qatorasiga to‘rtinchi turda ochko yo‘qotdi, «MYu» esa vaqtincha bo‘lsa ham kuchli to‘rtlikka kirib oldi.
«Chelsi» – «Brentford» 2:0
Gollar: Joao Pedro, 26 (1:0). Palmer, 76 – penalti (2:0)
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo (Fofana, 58), Chaloba, Kukurelya, Jyeyms (Xato, 85), Fernandes (Achimpong, 85), Kaysedo, Palmer, Garnacho (Santos, 57), Pedru Netu, Joao Pedro (Delap, 74)
«Brentford»: Kelleher, Ayyer, Kollinz, Henri (Hiki, 82), Kayode, Yarmolyuk (Donovan, 90+4), Yanelt, Yyensen, Shade (Lyuis-Potter, 82), Damsgor (Uattara, 77), Tiago
Ogohlantirishlar: Kukurelya, 67. Fofana, 83. Palmer, 90 – Shade, 36. Yanelt, 45
«Chelsi» va «Brentford» o‘zaro uchrashuvda kuchli to‘rtlikni kim ta’qib qilishi masalasiga oydinlik kiritib olishdi. O‘yin boshida maydon egalarining Joao Pedroga ishlatilgan fol uchun penalti so‘rashi behuda ketdi, keyin esa Tosin Adarabioyo avtogol muallifi bo‘lishiga bir baxya qoldi: Robert Sanches Kevin Shadening zarbasidan keyin o‘z jamoadoshi orqali rikoshet bo‘lib kelgan zarbani qaytarib qoldi.
26-daqiqada esa Pedro Enso Fernandesning uzatmasi orqali hisobni ochdi, avvaliga hakam golni inobatga olmadi, ammo VAR tekshiruvidan keyin ofsayd holati tasdiqlanmadi.
Keyingi epizodda Yyensen qulay pozitsiyada turib uzoq burchakni aniq nishonga ololmadi (to‘p ustunga tegib maydon tashqarisiga chiqib ketdi), bo‘lim oxirida Garnacho o‘yin masalasini hal qilib qo‘yishi mumkin edi, ammo u darvozabon hududida turib to‘pni to‘g‘ri tepolmadi.

Ikkinchi bo‘limda esa Sanches Shade bilan yakkama-yakka vaziyatda yana bir bor qahramonlik ko‘rsatdi. O‘yin taqdiri 75-daqiqada, «Brentford» himoyachisi Kollinz o‘z darvozabonini noqulay holatga tushirib qo‘yganida hal bo‘ldi, Kelleher uning pasini qabul qila olmadi va Delapni yiqitdi, 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Palmer esa benuqson zarba berdi.

Chempionatda 13 dekabrdan buyon ilk g‘alabasini nishonlagan «Chelsi» oltinchi o‘ringa ko‘tarildi. Liam Rosenior APLdagi ilk g‘alabasiga erishdi, Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi kvartet bilan oradagi farq atigi ikki ochkoni tashkil etmoqda.
«Liverpul» – «Byornli» 1:1
Gollar: Virs, 42 (1:0). Edvards, 65 (1:1)
Aniq ijro etilmagan penalti: Soboslai, 32’
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez (Roberson, 78), Frimpong, Jons (Kiyeza, 87), Gravenberh (Makallister, 78), Virs, Gakpo (Ngumoxa, 78), Soboslai, Ekitike
«Byornli»: Dubravka, Estev (Ekdal, 74), Hamfris, Tuanzebe, Ugochukvu (Loran, 85), Florentinu (Mejbri, 90), Lukas Pires, Uoker, Edvards (Chauna, 90), Entoni, Broyya (Foster, 74)
Ogohlantirishlar: Kerkez, 40 – Barns, 90. Hamfris, 90
«Liverpul» birinchi bo‘limni to‘liq raqib jarima maydoni atrofida o‘tkazdi, ammo Dubravka qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etib bo‘lmadi. Hatto Gakpo «Byornli» jarima maydoniga yorib kirib, penalti ishlaganida ham. Soboslaining nuqtadan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘sinini titratdi.

Ammo bo‘lim oxirida Ekitikening yurishi Virsning hisobni ochishi bilan yakunlandi. APLga moslashish jarayonini yakunlab, so‘nggi vaqtlarda yaxshi o‘ynay boshlagan germaniyalik yarimhimoyachi qatorasiga ikkinchi turda gol urdi, ammo bu g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi. «Byornli» ikkinchi bo‘limda qisqa muddatga faollashdi va Edvards hisobni tenglashtirdi. Qizillar javob hujumida darvozani ishg‘ol etishdi, ammo Ekitikening goli bekor qilindi. «Liverpul» o‘yin davomida jami 32 bor zarba yo‘lladi, ammo autsayderga ochko ulashdi. Yakunda Arne Slot jamoasi to‘rtinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolgan bo‘lsa-da, beshinchi o‘rindagi «MYu» bilan farq bir ochkoni tashkil etmoqda.
«Nottinghem Forest» – «Arsenal» 0:0
«Nottinghem Forest»: Sels, Murilio, Milenkovich, Uilyams, Ayna, Sangare, Dominges (Hatchinson, 89), Anderson, Hadson-Odoi, Gibbs-Uayt, Igor Jyezus (Ndoy, 76)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Timber, Uayt, Subimendi (Eze, 79), Rays, Edegor (Merino, 57), Martinelli (Trossar, 46), Madueke (Saka, 57), Yokeresh (Gabriel Jyezus, 57)
Ogohlantirishlar: Ayna, 90 – Timber, 37
Shon Daych – qaysi jamoada ishlamasin, istalgan raqibga muammo tug‘dira oladi va «Arsenal» ham istisno emas. «Kanonirlar» birinchi bo‘limni to‘liq o‘z nazoratida o‘tkazdi, ammo yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lganiga qaramay, darvozani ishg‘ol etolmadi. Bunga qisman tarkibdagi muammolar (o‘ng qanot himoyachisi Timber chap qanotda o‘ynashiga to‘g‘ri keldi), qisman ikki kun oldin Angliya kubogida «Chelsi»ga qarshi qiyin o‘tkazilgani va bir necha kundan keyin YeChLda «Inter» maydoniga safar kutayotgani tufayli qator futblchilarga dam berilgani ham sabab bo‘ldi. Arteta ikkinchi bo‘limda Saka, Trossar, Jyezus, Merino va Eze kabi hujumkor futbolchilarini maydonga tashladi.
O‘zgarishlardan keyin vaziyatlar yanada ko‘proq va xavfliroq chiqdi, ammo goh aniqlik yetishmadi, goh himoyachilar va darvozabon jonbozlik ko‘rsatishdi. «Nottinghem» o‘yin yakuniga qadar zich himoyalandi va darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Londonliklar «Manchester Siti» bilan oradagi farqni 9 taga yetkazib olish imkoniyatidan foydalana olmadi, ammo yetti ochko ham chempionlik poygasida katta farq hisoblanadi. Shu bilan birga, «Aston Villa» yakshanba kuni «Everton»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonsa, to‘rt ochkolik masofada yaqinlashib olishi ham mumkin.

Ispaniya: hushtakbozliklar ostidagi g‘alaba

«Real» – «Levante» 2:0
Gollar: Mbappe, 58 – penalti (1:0). Raul Asensio, 65 (2:0)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio (Alaba, 90), Hausen (Sebalios, 61), Karreras, Valverde, Tshuameni, Kamavinga (Arda Guler, 46), Bellinghem, Vinisius Junior, Garsiya (Mastantuono, 46), Mbappe
«Levante»: Rayan, Matturro, de la Fuente, Sanches, Tolyan, Pablo Martines, Vensedor (Ragube, 66), Alvares (Olasagasti, 83), Romero (Espi, 83), Tunde (Kortes, 83), Etta Eyong (Losada, 66)
Ogohlantirishlar: Tshuameni, 31. Garsiya, 43 – Vensedor, 17
«Real» La Liganing 19-o‘rindagi jamoasiga qarshi ham qiynaldi. Muxlislar esa Ispaniya kubogida quyi liga jamoasi «Albasete»dan uchralgan mag‘lubiyatni hali ham xazm qila olishmagandi.
«Levante»ga qarshi o‘yin kuni Madridda Florentino Peres turli gunohlarda ayblangan bannerlar paydo bo‘ldi. Stadionga kelgan muxlislar esa chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida oq sochiqlar ko‘tarishdi, Peresdan iste’fo talab qilingan bannerlar namoy etishdi va Mbappe hamda Gonsalo Garsiyadan boshqa barcha futbolchilarga hushtakbozlik qilishdi. Eng ko‘p hushtakbozlik Vinisiusga nisbatan qilindi.
Tarkiblar e’lon qilinganayotganda hushtakbozlik yanada kuchaydi va braziliyalik futbolchi zinaga o‘tirib, yig‘lab yubordi. Uni jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Antonio Pintus ovutishiga to‘g‘ri keldi.
O‘yin boshlanganidan keyin ham to‘p Vinisiusga kelganida «Santyago Bernabeu»da yig‘ilgan muxlislar uvullashdi. Mbappe ularni bunday qilmaslikka chaqirdi, ammo foydasi bo‘lmadi.

«Real» o‘yinning 70-80 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, ammo oldinda deyarli vaziyatlar yarata olmadi. «Levante» 5-4-1 sxemasida joylashdi va xotirjamlik bilan himoyalandi. Shu bilan birga, bir necha xavfli standart vaziyatlarga ham ega bo‘lishdi. Qolaversa, Tchuameni keraksiz vaziyatda sariq kartochka oldi va keyingi turda «Vilyarreal» bilan o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
Qaysidir pallalarda «Bernabeu»dagilar ochiqchasiga «Levante»ga muxlislik qilishdi! Arbeloa tanaffusda ikkitalik o‘zgarish qildi (Gonsalo Garsiya va Kamavinga o‘rniga Guler va Mastantuono tushdi). Madridliklar shundan keyin o‘ziga kelishdi, Mbappe esa o‘zi ishlagan penaltini aniq ijro etib, La Ligadagi gollari sonini 50 taga yetkazdi. Raul Asensio Arda Gulerning uzatmasidan keyin ikkinchi golni urgandagina muxlislar jamoani kechirdi. Ammo Vinisiusni emas – Alonsoning ketishida aybdor sifatida ko‘rilayotgan futbolchi maydonni ham hushtaklar ostida tark etdi.

Mavzuga oid
12:33 / 15.01.2026
«Real» kubokdan chiqib ketdi, «Arsenal» finalga yaqinlashdi
21:56 / 14.01.2026
Maykl Kerrik «Manchester Yunayted»ni mavsum oxirigacha boshqaradi
11:43 / 14.01.2026
«Siti» Liga kubogi finaliga yaqinlashdi
12:00 / 08.01.2026