Jahon | 09:50 / 19.01.2026
1125
3 daqiqa o‘qiladi

Portugaliyada prezident saylovi natijasini ikkinchi tur hal qiladi

Portugaliyada prezident saylovi g‘olibi ikkinchi turda aniqlanadi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi dushanba, 19 yanvarga o‘tar kechasi, byulletenlarning 99 foizi sanab chiqilgandan so‘ng ma’lum qilishicha, Sotsialistik partiya nomzodi Antoniu Joze Seguru birinchi turda 31 foizdan sal ko‘proq ovoz olgan. 

Foto: Patricia De Melo Moreira/AFP

Seguru bilan birga davlat rahbari saylovining ikkinchi turiga Andre Ventura ham chiqdi — u Cheg” (“Yetar!”) deb nomlangan o‘ng-populistik partiya rahbari. Birinchi turda unga saylovchilarning 23,5 foizi ovoz bergan.

Davlat rahbari saylovining ikkinchi turi 8 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. 1986 yildan beri ilk marta prezidentlikka nomzodlarning hech biri 50 foizdan ortiq ovoz ololmadi.

Portugaliyaning kelajakdagi prezidenti uzoqqa cho‘zilgan siyosiy beqarorlik sharoitida ishlashiga to‘g‘ri keladi: so‘nggi uch yil ichida mamlakatda parlament saylovlari uch marta o‘tkazilgan. Portugaliyada prezident asosan vakillik vazifalarini bajaradi, ammo muhim vakolatlarga ega. Xususan, u parlament qabul qilgan qonunlarga veto qo‘yishi mumkin va alohida istisno holatlarda parlamentni tarqatib, navbatdan tashqari saylovlarni tayinlash huquqiga ega.

Saylovoldi so‘rovlar o‘ng-populist Andre Venturani poyganing favoriti deb ko‘rsatgan edi, u o‘z kampaniyasining markaziy mavzusi qilib immigratsiyani tanlagan. Uning partiyasi muhojirlarga qarshi shiorlar yozilgan plakatlari Portugaliya uchun misli ko‘rilmagan holat bo‘ldi. Ventura partiyasi o‘tgan yili — tashkil etilganiga atigi olti yil bo‘lganiga qaramay, parlamentdagi ikkinchi eng yirik kuchga aylangan.

AP ta’kidlashicha, portugallarni immigratsiyadan ko‘ra uy-joy inqirozi va hayot qimmatlashishi ko‘proq tashvishga soladi. Prezident saylovlari oldidan Antoniu Joze Seguru o‘zini “ekstremizmni mag‘lub eta oladigan yagona nomzod” deb atadi va demokratiya qadriyatlarini bo‘lishadigan barcha portugallarni unga ovoz berishga chaqirdi.

Portugal OAV Antoniu Joze Seguruni mo‘’tadil nomzod sifatida tasvirlaydi. Uning saylovoldi kampaniyasi diqqat markazida “barcha portugallar uchun munosib hayot”, tibbiy xizmat sifati, ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etish hamda mamlakatdagi siyosiy qutblashuvni yengish uchun partiyaviy mojarolardan voz kechish mavzulari bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid