Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolgariya prezidenti Rumen Radev iste’foga chiqishini e’lon qildi
Bolgariya prezidenti Rumen Radev xalqqa telemurojaatida 20 yanvar kuni lavozimidan ketish haqida ariza topshirishini bildirdi. Davlat rahbari vazifasini vaqtincha vitse-prezident Iliyana Yotova bajaradi.
Bolgariya prezidenti Rumen Radev iste’foga chiqish niyati borligini ma’lum qildi. Dushanba, 19 yanvar kuni kechqurun xalqqa televizion murojaat qilib, u “oxirgi marta” mamlakat prezidenti sifatida fuqarolarga murojaat qilayotganini aytdi va ertasi kuni — 20 yanvarda iste’fo to‘g‘risida ariza topshirishini bildirdi.
Rasman, prezidentning iste’fo haqidagi iltimosi Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Sud uning vakolatlarini muddatidan oldin tugatishi mumkin. Shu paytga qadar Radev o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi. Iste’fo qabul qilingach, davlat rahbari vazifalari vitse-prezident Iliyana Yotovaga o‘tadi.
Radev murojaatida Yotova “prezident vazifasini munosib bajaruvchi” bo‘lishiga ishonch bildirdi. “Oldimizda vatanimiz kelajagi uchun kurash turibdi, va men ishonamanki, biz uni sizlarning barchangiz — munosib, ruhlantirilgan va sobitqadam insonlar bilan birga qarshi olamiz!” — dedi Radev.
Rumen Radev Bolgariya prezidenti lavozimini ketma-ket ikki muddat, 2017 yildan beri egallab kelgan. Iste’fo haqidagi bayonot Bolgariyada dekabr oyida boshlangan norozilik namoyishlari to‘lqini fonida yangradi. Namoyishlarga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar sabab bo‘lgan: ularning birida hukmron koalitsiya deputatlari “Lukoyl”ning mahalliy aktivlariga daxldor qonunni atigi 26 soniya ichida qabul qilgani aks etgan, boshqa videoda esa tushlik tanaffusida o‘tkazilgan bahsli budjet loyihasi bo‘yicha ovoz berish ko‘rsatilgan.
11 dekabr kuni namoyishlar avj olgan paytda Bolgariya bosh vaziri Rosen Jyelyazkov iste’foga chiqqan edi. Bolgar ommaviy axborot vositalari Radev o‘z siyosiy partiyasini tuzish va shu yil o‘tishi kerak bo‘lgan muddatidan oldingi parlament saylovlarida qatnashish uchun prezidentlikdan ketishi mumkinligi haqida yozgan.
Mavzuga oid
20:55 / 31.12.2025
Bolgariya 1 yanvardan yevroga o‘tadi
11:19 / 13.12.2025
Bolgariya yevroga o‘tish arafasida: ommaviy norozilik va hukumat iste’fosi
15:41 / 07.11.2025
Bolgariyada “Lukoyl” NQZni sotish: parlament prezident vetosini yengib o‘tdi
11:45 / 01.11.2025