Jahon | 09:41
444
2 daqiqa o‘qiladi

London bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash imkonini ko‘rib chiqmoqda

Britaniya vazirlari Avstraliyaga borib, u yerda voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tajribasi bilan tanishishni rejalashtirmoqda. London, shuningdek, maktablarda mobil telefonlardan foydalanish qoidalarini ham qat’iylashtirmoqchi.

Foto: Getty Images

Internetda bolalarni yaxshiroq himoya qilish maqsadida Buyuk Britaniya hukumati turli chora-tadbirlarni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida — Avstraliya yaqinda qilganidek, voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash ehtimoli ham bor. Shuningdek, o‘rganilayotgan imkoniyatlar qatorida maktablarda mobil telefonlardan foydalanish bo‘yicha yanada qat’iy tavsiyalarni joriy etish masalasi ham mavjud. Bu haqda Londondagi hukumat dushanba, 19 yanvar kuni ma’lum qildi.

Ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar vaziri Liz Kendallning aytishicha, mavjud qonunlar hech qachon bu sohani tartibga solishda “oxirgi so‘z” deb qaralmagan. “Shuning uchun ham men qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyorman”, — dedi u.

Kanberraning tajribasini o‘rganish va o‘zlashtirish uchun Britaniya hukumati vazirlarni Avstraliyaga yuborishni rejalashtiryapti. Avstraliya bir oy avval dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan davlatga aylangan edi.

Smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari berilganlik bolalarning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi xavotirlar boshqa mamlakatlarda ham bor. Masalan, o‘tgan hafta Daniya 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalarini e’lon qildi. Yevropa darajasida esa Yevropa komissiyasi yaqinda YouTube va Snapchat kabi platformalar voyaga yetmaganlarni himoya qilish bo‘yicha Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (DSA) talablariga mos kelishi-kelmasligini tekshirishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid