Iqtisodiyot | 16:12
2271
3 daqiqa o‘qiladi

Oltin va kumush narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarildi

AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya masalasi tufayli Yevropa mamlakatlarining sakkiztasiga nisbatan yangi 10 foizlik bojlar joriy etish haqidagi bayonotlaridan keyin oltin va kumush narxlari keskin oshdi. Oltin narxi 4690 dollargacha ko‘tarildi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Germaniya va yana yettita Yevropa mamlakatiga nisbatan, ularning Grenlandiya bo‘yicha pozitsiyasi sabab, 10 foizlik savdo bojlarini joriy etish haqida navbatdagi bayonotlarni berganidan keyin jahon bozorida oltin va kumush narxlari yangi maksimumlarga chiqdi. Dushanba, 19 yanvar kuni ertalab birja haftasi Osiyo fond bozorlarida boshlangach, “asosiy himoya aktivi” hisoblanadigan oltin narxi 4690,59 dollargacha, kumush narxi esa 94,12 dollargacha ko‘tarildi.

Ayni paytda, ehtimoliy savdo urushi boshlanishi mumkinligi haqidagi yangi xavotirlar fonida fond bozorlarining katta qismi pasaydi. Yaponiyaning Nikkei indeksi 1,4 foizga tushdi, Yaponiyadan tashqari Osiyo—Tinch okeani mintaqasi aksiyalarini qamrab oluvchi eng keng MSCI indeksi esa 0,3 foizga kamaydi. Dollar kursi iyena va shveysar frankiga nisbatan pasaydi, yevro hamda funt sterling esa ko‘tarildi, neft narxlari esa o‘zgarishsiz qoldi.

Donald Tramp 17 yanvar kuni 1 fevraldan boshlab Germaniya, Daniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlandiya, Fransiya va Shvetsiya uchun AQShga yetkazib beriladigan tovarlarga 10 foizlik tarif qo‘llanishini e’lon qildi. AQSh prezidenti so‘zlariga ko‘ra, 1 iyundan bojlar 25 foizgacha oshiriladi. Reuters agentligi aniqlashicha, ushbu tariflar amaldagi bojlarga qo‘shimcha ravishda joriy etiladi. Trampning aytishicha, yig‘imlar “Grenlandiyani to‘liq va yakuniy sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha” undiriladi. U qo‘shimcha qilib, AQSh “bu operatsiyani 150 yildan ortiq vaqtdan beri amalga oshirishga uringani”, biroq Daniya rad etib kelganini aytgan.

AQSh prezidenti orol ustidan nazorat o‘rnatish istagini bir necha bor bildirgan, bu g‘oyani u ilk bor 2019 yilda — birinchi prezidentlik muddatida aytgan edi. 14 yanvar kuni Vashingtonda o‘tkazilgan muzokaralarda Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen va Grenlandiya tashqi ishlar vaziri Vivian Motsfeldt arktik orol maqomi bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Muzokaralardan keyin Rasmussen Grenlandiya masalasida tomonlar “tamoman farq qiluvchi pozitsiya”ga ega ekanini aytdi. Motsfeldt esa Oq uy bilan hamkorlikni kuchaytirishni istashini, biroq Grenlandiyaning AQSh tarkibiga kirishini xohlamasligini bildirgan.

15 yanvar kuni Tramp bojlar joriy etishini e’lon qilgan mamlakatlar mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash va 2026 yil oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yirik harbiy mashg‘ulotlarga Daniyani tayyorlashda yordam berish maqsadida, razvedka missiyasining bir qismi sifatida Grenlandiyaga o‘z harbiylarini yuborishini ma’lum qildi. Bundesverning 15 nafar askaridan iborat guruhi 18 yanvar kuni — Tramp Germaniyaga Daniyani hududiy bahsda qo‘llab-quvvatlagani uchun boj joriy etish bilan tahdid qilganidan keyingi kuni Grenlandiyani tark etgan.

Mavzuga oid