Jamiyat | 11:13
2936
2 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlar rasmiylashtirgan onlayn kreditlar bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan yangi nizomga muvofiq, agar fuqaro nomiga onlayn kredit firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirilgani isbotlansa, undan qarz va foizlarni undirish to‘xtatiladi.

Adliya vazirligi Markaziy bank bilan hamkorlikda kredit va to‘lov tashkilotlari, shuningdek to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash, frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Nizomga ko‘ra, agar fuqaro nomiga onlayn kredit frod (firibgarlik) natijasida rasmiylashtirilgan bo‘lsa va u surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida jabrlanuvchi deb e’tirof etilsa, kredit tashkiloti mazkur kredit va unga oid foizlarni hisoblash hamda undirishni to‘xtatishi shart.

Shu bilan birga, kredit tashkiloti yetkazilgan moddiy zararni frod holatini sodir etgan shaxsdan regress tartibida undirish huquqiga ega.

Agar kredit tashkilotida frod holatiga shubha paydo bo‘lsa, u qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli organlarga murojaat qilish huquqiga ega.

Biroq surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud qarorlari asosida frod holati mavjud emasligi aniqlansa, kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblash hamda undirishni qaytadan davom ettiradi.

Mavzuga oid