Jahon | 08:29
1505
3 daqiqa o‘qiladi

Makronning taklifi: Tramp va Mers Parijga borishni rejalashtirmayapti

Makron Parijda G7 sammitini o‘tkazishni, unga Daniya, Ukraina va Rossiya vakillarini chaqirishni taklif etdi. Biroq, AQSh prezidenti Tramp ham, Germaniya kansleri Mers ham bunday uchrashuvda ishtirok etish niyatida emas.

Foto: NATO/UPI

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 22 yanvar kuni Parijda “katta yettilik” (G7) mamlakatlari uchrashuvini Daniya va Rossiya ishtirokida o‘tkazishni taklif qilgan, ammo bu tashabbus qo‘llab-quvvatlanmadi. Jurnalistning Yevropaga rejalashtirilgan safari doirasida Parijga borish-bormasligi haqidagi savoliga AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba, 20 yanvar kuni rad javobini berdi. Bundan oldin AQSh ma’muriyati vakili dpa agentligiga Oq uy rahbari hozircha bunday safarni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan.

Dpa agentligining Germaniya hukumat manbalaridan olgan ma’lumotiga ko‘ra, Germaniya kansleri Fridrix Mers ham Makron taklif etgan kuni Fransiya poytaxtiga borishni rejalashtirmayapti. U Davosdagi Jahon iqtisodiy forumidagi chiqishidan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri Bryusseldagi YeI sammitiga uchib ketadi.

Shu kuni avvalroq Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Makrondan kelgan, deb da’vo qilingan xabarlar skrinshotlarini e’lon qildi. U yerda Parijda uchrashish taklifi bor. “Fransiya prezidenti Makrondan prezident Trampga. Do‘stim, biz Suriya masalasida bir xil pozitsiyadamiz. Eron bo‘yicha katta ishlar qilishimiz mumkin. Men Grenlandiya masalasida nima qilayotganingni tushunmayman, — deyiladi ingliz tilida yozilgan xabarda. — Kel, katta ishlar qilishga urinaylik: 1) men Davosdan keyin payshanba kuni (22 yanvar — tahr.) Parijda G7 uchrashuvini tashkil qila olaman. Men ukrainlar, daniyaliklar, suriyaliklar va rossiyaliklarni taklif qila olaman. 2) Parijda payshanba kuni, AQShga qaytishingdan oldin, birga kechki ovqat tashkil qilaylik”. Bu xabar oxirida Emmanuel (Emmanuel) deb imzolangan.

Reuters va AFP agentliklariga Fransiya prezidenti atrofidagi manbalar Tramp keltirgan Makron xabari haqiqiy ekanini tasdiqlagan.

Tramp chorshanba, 21 yanvar kuni Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlaydi. Tadbir doirasida u davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, biznes vakillari bilan uchrashish niyatida.

Mers ham AQSh prezidenti bilan suhbatda bo‘lishdan umidvor, ammo bu bo‘ladimi-yo‘qmi — hozircha noma’lum. Bryusselda 22 yanvar kechqurunga belgilangan YeIning favqulodda sammitida asosiy e’tibor Grenlandiya atrofidagi nizoga qaratiladi. Tramp AQSh tomonidan Grenlandiyani xarid qilish niyatini, hatto zarur bo‘lsa kuch ishlatishini ham qat’iy ravishda ta’kidlab kelmoqda.

Mavzuga oid