Jahon | 20:49 / 21.01.2026
5239
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik generalni o‘ldirishda ayblangan o‘zbekistonlik erkak umrbod qamaldi

General-leytenant Igor Kirillovning o‘limiga sabab bo‘lgan teraktda ayblangan Ahmadjon Qurbonov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Foto: Kommersant’

Moskvadagi harbiy sud Rossiya Qurolli kuchlarining radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillovning o‘limiga sabab bo‘lgan teraktda ayblangan Ahmadjon Qurbonovni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Qurbonov jazoning dastlabki 10 yilini qamoqda, qolgan muddatini maxsus tartibli koloniyada o‘tashi kerak. Shuningdek, unga bir million rubl miqdorida jarima solingan. Tergov versiyasiga ko‘ra, Qurbonov - terakt ijrochisi.

Sud ish bo‘yicha yana uch nafar shaxsga nisbatan hukm chiqardi. Botuxon Tochiyev 22 yilga, Ramazon Padiyev va Robert Safaryan mos ravishda 18 va 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Qayd etilishicha, Qurbonov jinoyatdagi aybini to‘liq tan olgan va qilgan ishidan pushaymon bo‘lgan. Safaryan aybini qisman tan oldi. Padiyev va Tochiyev aybni tan olmadi.

Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov 2024 yil 17 dekabr kuni ertalab general yashagan Ryazan prospektidagi uy yonida turgan elektrosamokatga qo‘yilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Qurbonov portlashdan bir necha soat o‘tib qo‘lga olindi. Unga terakt va noqonuniy qurol savdosi moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, tergov izolyatoriga jo‘natildi.

Rossiya huquq-tartibot idoralari versiyasiga ko‘ra, so‘roq paytida Qurbonov uni Ukraina maxsus xizmatlari yollaganini, jinoyat uchun unga 100 ming dollar va Yevropa davlatlaridan biriga borishni va’da qilishganini aytgan. Tochiyev va Padiyev, tergovning ta’kidlashicha, Qurbonov uchun Moskva viloyatidagi xosteldan xona ijaraga olgan. Qurbonov terakt sodir etganidan keyin u yerda yashirinishi kerak edi.

Mavzuga oid