Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Grenlandiya – bizniki!» – Tramp Davosda nimalar dedi?
AQSh prezidenti Donald Tramp Davosdagi iqtisodiy forumda chiqish qildi. Kutilganidek, uning nutqining katta qismi Grenlandiya mavzusiga bag‘ishlandi – u mazkur «muz parchasi» AQShning bir qismiga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi tuzish zarurligi, AQShning NATO mavjudligidagi hissasi kattaligi hamda o‘z ma’muriyatining ko‘p sonli yutuqlari haqida so‘zlagan.
Foto: Markus Schreiber / AP / Scanpix / LETA
O‘ziga tegishli Air Force One samolyoti bortida aniqlangan nosozlik tufayli Tramp Shveytsariyaga rejalashtirilganidan keyinroq yetib keldi. Layner havoga ko‘tarilganidan ko‘p vaqt o‘tmasdan Sent-Endryus bazasiga qaytdi, u yerda Tramp va uning jamoasi boshqa samolyotga o‘tkazildi.
Shunga qaramay, Trampning forumdagi chiqishi o‘z vaqtida boshlandi. U o‘z nutqini Amerikaning oldingi ma’muriyatini tanqid qilish bilan boshladi.
U demokratlar AQShni iqtisodiy jihatdan ham, xalqaro maydondagi nufuz jihatidan ham kuchsizlantirganini aytdi, ammo, o‘zining aytishicha, u va uning jamoasi vaziyatni o‘nglashga erishgan. «Iqtisodiyotimiz gullab-yashnamoqda», – degan u.
Trampning fikricha, Yevropa qit’asi, aksincha, rivojlanishning noto‘g‘ri yo‘lini tanlagan. «Men Yevropani sevaman, u ham taraqqiy etishini xohlayman, ammo ular noto‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanmoqda», – deydi Tramp.
«Bu bizning hudud»
Yevropani tanqid qilarkan, Tramp kutilganidek, o‘z nutqidagi asosiy mavzuga o‘tdi – bu AQShning Daniya qirolligi tarkibiga kiruvchi Grenlandiya oroliga da’vosi bilan bog‘liq.
Tramp ushbu orolda Daniya mavjudligining «hech qanday asorati yo‘qligi»ni aytdi va faqatgina AQSh «ushbu ulkan muz bo‘lagi» himoya qila olishi va rivojlantirishini ta’kidladi.
Gap shundaki, hech qanday millat yoki millatlar guruhi Grenlandiyani AQSh darajasida himoya qilishga hatto yaqin kela olmaydi. Biz buyuk davlatmiz, odamlar o‘ylaganidan ham ko‘ra qudratliroqmiz.
Ikkinchi jahon urushi vaqtida biz Daniya Germaniyaning kuchli zarbasiga dosh bera olmasdan olti soatlik janglardan keyin qulaganiga va na o‘zini, na Grenlandiyani himoya qila olmaganiga guvoh bo‘lganmiz.
Shuning uchun Qo‘shma Shtatlar vaziyatga aralashishga majbur bo‘lgan, biz aralashishimiz kerakligini his qilganmiz. Biz Daniya uchun jang qilganmiz, biz uni Daniya uchun qutqarib qolish uchun jang qilganmiz. Katta, ajoyib muz bo‘lagini. Uni yer deb atash ham qiyin, u ulkan muz bo‘lagi.
Biz o‘zimiz g‘alaba qozongan urushdan keyin esa... biz raqibni tor-mor keltirganmiz, agar biz bo‘lmaganimizda, barchangiz nemischa va yaponcha gaplashib yurgan bo‘lardinglar... urushdan keyin biz uni Daniyaga qaytardik. Bu esa biz tomondan qilingan katta ahmoqlik edi. Ammo biz shunday qilganmiz, biz uni qaytarib berganmiz.
Ammo endi ular noshukrlik qilishmoqda...
Endi bizning mamlakat va butun dunyo raketalar, yadroviy qurollar tufayli avvalgilariga qaraganda ancha kattaroq xavf bilan to‘qnashmoqda.
Bu G‘arbiy yarimsharning shimoliy chegarasidagi himoyalanmagan ulkan orol aslida Shimoliy Amerikaning bir qismidir. Bu bizning hudud. Shuning uchun u Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega.
Va aynan shuning uchun men Grenlandiya Qo‘shma Shtatlar tomonidan sotib olinishini yana bir bor muhokama qilish uchun zudlik bilan muzokaralar olib borishga intilaman, butun tariximiz davomida biz boshqa ko‘plab hududlarni ham shunday qo‘lga kiritganmiz.
Tramp Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha muzokaralarning «hech qanday yomon joyi yo‘qligi»ni ta’kidlagan.
U shuningdek, AQSh agar o‘zi istasa, kuch ishlatish orqali barcha narsani qo‘lga kirita olishi, ammo kuch ishlatishni xohlamasligini aytgan.
«Men hozir so‘rayotgan yagona narsa – Grenlandiya. Bu kichik iltimos. Siz „ha“ deyishingiz mumkin va biz sizdan juda minnatdor bo‘lamiz. Yoki siz „yo‘q“ deyishingiz mumkin va biz buni eslab olamiz», – degan u.
Tramp o‘z «iltimosi» AQSh NATO uchun qilayotgan ishlar oldida «arzimas» darajada ekanini iddao qilgan.
«Biz dunyoni himoya qilish uchun muz parchasini so‘rayapmiz, ular esa uni bizga berishmayapti», – deya shikoyat qilgan AQSh prezidenti.
Shu bilan birga, o‘z nutqi davomida Tramp bir necha bor Grenlandiyani Islandiya bilan chalkashtirib yuborgan.
Tramp muntazam ravishda Grenlandiya AQShning bir qismiga aylanishi kerakligini ta’kidlab, buni xavfsizlik nuqtayi nazaridan hamda Rossiya va Xitoyning tahdidi bilan izohlaydi. Holbuki, Moskva ham, Pekin ham bunday niyati borligiga oshkora ishora qilmagan.
Tramp Grenlandiya AQSh xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga egaligi, chunki orolning Shimoliy Amerika va Arktika o‘rtasida joylashgani uni raketa hujumlari sodir bo‘lganda erta ogohlantirish tizimlarini joylashtirish va mintaqadagi kemalar qatnovini kuzatish uchun qulay qilishini ta’kidlaydi.
Biroq, Daniya bilan mavjud kelishuvlarga ko‘ra, AQSh shusiz ham Grenlandiyada cheklanmagan miqdorda qo‘shin joylashtirish huquqiga ega.
Agar Putin va Zelenskiy kelishuv tuzmasa, «ahmoq bo‘lishadi»
AQShning NATOga qo‘shgan hissasi haqida gapirarkan, Tramp alyans Ukrainada urushni to‘xtatishga yordam berishi zarurligini ta’kidlagan.
«Ular bu urushni to‘xtatishlari kerak, chunki juda ko‘p odamlar nobud bo‘lmoqda, behuda nobud bo‘lishmoqda», – degan u va AQSh bu masalada NATO va Yevropaga yordam berishini qo‘shimcha qilgan.
Shu bilan birga, u yana bir bor Vashington so‘rayotgan yagona narsa – shunchaki «muz parchasi» ekanini eslatgan.
Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham qariyb to‘rt yildan buyon davom etayotgan urushga yakun yasashni istashini ta’kidlagan.
«Men bilaman, ular ahmoq emas. Ammo ular buni qilmasa [kelishuv tuzmasa], unda ahmoq bo‘lib chiqishadi. Hech kimni xafa qilishni istamayman, ammo bu kelishuvni tuzish vaqti keldi», – deydi u.
Tramp tez orada Zelenskiy bilan uchrashuv rejalashtirilganini ham ma’lum qilgan. Avvalroq Ukraina rahbari kun tartibidagi asosiy masala Ukraina emas, Grenlandiya bo‘lishi kutilayotgani sababli Davosga borishiga ishonchi komil emasligini aytgandi.
Chorshanba kuni ertalab NATO bosh kotibi Mark Ryutte jahon yetakchilarini AQSh bosimiga bo‘ysunmaslikka va asosiy e’tiborni Ukrainani Rossiya tajovuzidan himoya qilishga qaratmaslikka chaqirdi.
OAV manbalariga ko‘ra, Trampning Zelenskiy bilan uchrashuvi chorshanba kuni emas, balki payshanba, 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Axios nashri suhbatdoshi bu AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga borishi arafasida sodir bo‘lishiga e’tibor qaratgan.
«AQSh butun dunyoni subsidiyalamoqchi emas»
Tramp savol-javoblar chog‘ida tarif siyosatidagi muvaffaqiyatlari haqida ham gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadamlar amerikaliklar mahsulotlardan boshqa ba’zi mamlakatlar kabi o‘nlab marta ortiqcha to‘lov qilmasdan foydalanishini ta’minlashga qaratilgan.
U Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan suhbatlaridan birida agar Makron Trampning dori-darmon narxlari bo‘yicha talablariga rozi bo‘lmasa, fransuz tovarlariga boj joriy etish bilan tahdid qilganini esladi.
«AQSh butun dunyoni subsidiyalamoqchi emas. Biz dunyodagi eng arzon narxda to‘laymiz», – degan Tramp.
Trampning fikricha, uning tarif siyosati tufayli dori-darmonlar narxi hamma joyda arzonlashadi: «Tariflarsiz men buni qila olmasdim».
U o‘zining AQSh prezidenti etib saylanishi tufayli «yangi yashil firibgarlik»dan qutulib qolishganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, neft narxi oshishiga aynan avvalgi ma’muriyatning «yashil siyosati» sabab bo‘lgan.
Tramp uning prezidentligi davrida neft va gaz qazib olish hajmi oshganini aytdi, shuningdek, AQSh Venesueladan 50 million barrel neftni «musodara qilgani» haqida gapirdi.
«Hujum [Venesuelaga qarshi] yakunlangach, ular: „Keling, kelishuv tuzamiz“, deyishdi. Ko‘proq odamlar shunday qilishlari kerak», –deydi Tramp.
Uning fikricha, yaqin olti oy ichida Venesuela «so‘nggi 20 yildagiga qaraganda ko‘proq pul ishlab topadi».