Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rubio Kubani AQSh uchun tahdid deb e’lon qildi
AQSh Davlat kotibi Kuba «mintaqadagi terrorizmning yetakchi homiylaridan biri» ekanini aytdi. Pentagon orolga harbiy flot jo‘natdi.
Foto: Reuters
AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, Kuba Qo‘shma Shtatlar uchun «milliy xavfsizlikka tahdid» tug‘diradi va Habana bilan tinchlik kelishuviga erishish imkoniyatlari «juda past». Bu haqda BBC xabar berdi.
Bu bayonotlar AQSh Kubaning sobiq prezidenti Raul Kastroga 1996 yilda Brothers to the Rescue tashkilotining ikkita samolyoti xalqaro suvlar ustida urib tushirilgani munosabati bilan qotillikda ayblov qo‘yganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Oqibatda uch nafar Amerika fuqarosi halok bo‘lgan edi. AQSh 94 yoshli Raul Kastroni amerikaliklarni o‘ldirishda aybladi.
Rubioning ta’kidlashicha, prezident Donald Tramp mamlakatni har qanday tahdidlardan himoya qilish huquqi va majburiyatiga ega.
21 may kuni jurnalistlar bilan suhbatda Rubio diplomatiya Kuba bilan munosabatlarni tartibga solishning afzal usuli bo‘lib qolayotganini aytdi, ammo qo‘shimcha qildi: «To‘g‘risini aytsam, hozir kim bilan ishlayotganimizni hisobga olsak, buning ehtimoli kam».
U, shuningdek, Kuba «butun mintaqada terrorizmning yetakchi homiylaridan biri» ekanini aytdi.
Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges, o‘z navbatida, bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi. U Rubioni «yolg‘on»da aybladi va Kuba hech qachon AQSh uchun xavf tug‘dirmaganini aytdi. Kuba tashqi ishlar vaziri Rubio «harbiy tajovuzni qo‘zg‘atishga» urinayotganini va AQSh hukumati Kubaga qarshi «shafqatsiz va tizimli» hujumlar olib borayotganini aytdi.
Shu bilan birga, AQSh Qurolli Kuchlari Janubiy qo‘mondonligining xabar berishicha, USS Nimitz yadroviy aviatashuvchi kemasi boshchiligidagi AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining aviatashuvchi zarba guruhi Karib dengizi akvatoriyasiga kirdi.
Aviatashuvchi bilan birga mintaqaga Carrier Air Wing 17 aviatsiya guruhi, USS Gridley esminetsi, shuningdek, USNS Matuxent ta’minot tankeri yetib bordi. Qo‘mondonlikning ta’kidlashicha, joylashtirilgan kuchlar «yuqori jangovar tayyorgarlik, zarba berish masofasi va strategik ustunlikni» namoyish etadi.