Jahon | 18:32
39033
5 daqiqa o‘qiladi

«Kelin o‘g‘irlash» ortidan sodir etilgan qotillik Qozog‘istonni larzaga soldi

Qozog‘istonning Chimkent shahrida 21 yoshli qiz Nuroy Serikboyning mudhish tarzda o‘ldirilishi mamlakatni larzaga soldi. Vaziyatga prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham aralashdi va Chimkent politsiyachilarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berishni talab qildi. Chimkent shahar IIB mansabdorlari ishdan olindi, politsiyachilarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Tengrinews

Chimkentlik qiz Nuroy Serikboy 11 yanvar kuni shahar ko‘chalaridan birida o‘ldirildi. Tergovchilar uning tanasida o‘nlab pichoq jarohatlarini aniqladi. Gumonlanuvchi ikki kundan so‘ng, shahardan 10 kilometr uzoqlikda qo‘lga olindi va hibsxonaga joylashtirildi. Jinoyatda 28 yoshli erkak Sherxon Aymaxon gumon qilinmoqda.

Qozog‘iston parlamenti deputati Murat Abenov agar politsiya qizning ota-onasi bayonotlariga o‘z vaqtida munosabat bildirganida, Nuroyning fojiali o‘limi yuz bermas edi, dedi. Deputat so‘zlariga ko‘ra, erkak qizni kamida olti oy davomida ta’qib qilgan. Tanishuvdan so‘ng, unga sovchi qo‘ygan, lekin rad javobini olgan. Keyin birinchi jinoyat sodir bo‘ldi - qizni uning irodasiga qarshi zo‘ravonlik bilan o‘g‘irladi. Shunda ota-ona qizini uyiga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan va Chimkent politsiyasiga qizini zo‘ravonlikdan himoya qilishni so‘rab ariza bergan. Ammo jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan, chora ko‘rilmagan, gumonlanuvchi hibsga olinmagan.

Sherxon Aymaxon va Nuroy Serikboy

Qizning o‘ldirilishi qozog‘istonliklarni larzaga soldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. U haqda hatto prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham gapirdi. 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoy yig‘ilishida u Ichki ishlar vazirligiga Chimkent politsiyachilarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berishni, Bosh prokurorga esa bu masalani sinchkovlik bilan tekshirishni topshirdi.

Hodisa ortidan Chimkent shahar IIB boshlig‘i Nurlan Almasbekov va uning birinchi o‘rinbosari Qurmanbek Saxov ishdan olindi.

Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjar Odilovga ko‘ra, tartib posbonlari beparvolikda gumon qilinmoqda.

«Jabrlanuvchining nikoh tuzishga majburlash bo‘yicha murojaati chog‘ida o‘z xizmat vazifalaridan kelib chiqib, jinoyat ishini ro‘yxatdan o‘tkazish choralarini ko‘rmagan mansabdor shaxslarga jinoyat ishi ochildi. Arizani qabul qilmagan va ishni yopib yuborgan mansabdor shaxslar ishdan bo‘shatildi», dedi Odilov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, birinchi navbatda tuman IIB mansabdor shaxslari javobgarlikka tortiladi. Bundan tashqari, shahar IIB rahbariyati harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.

2025 yil sentabr oyida Qozog‘istonda nikohga majburlaganlik va kelin o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Masalan, ilgari «o‘g‘ri» qurbonini o‘z ixtiyori bilan qo‘yib yuborgan bo‘lsa, jazodan qutulib qolishi mumkin edi. Yangi qonundan bunday band chiqarib tashlandi, aybdor shaxs qizni ozod qilgan yoki qilmaganidan qat’i nazar jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim. Bundan tashqari, Qozog‘istonda nikohga majburlash bo‘yicha Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi kiritildi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda eng ko‘p jazo o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bo‘ladi.

Qozog‘istonda yuz bergan mudhish qotillik Qirg‘izistonda 2025 yil sentabr oyi oxirida 17 yoshli Aysulu Mukashevaning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi holatiga o‘xshab ketadi. Ushbu hodisa ham qirg‘izistonliklarni larzaga solgan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Qotillik ortidan prezident Sadir Japarov bunday jinoyatni sodir qilganlar uchun o‘lim jazosini tiklashni taklif qildi. Keyinchalik, Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati o‘lim jazosini qaytarish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Biroq, Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi 2025 yil 10 dekabrda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish orqali o‘lim jazosini tiklashni nomaqbul va yuridik jihatdan imkonsiz deb topdi, chunki bu «Konstitutsiya va mamlakatning xalqaro majburiyatlariga ziddir».

Mavzuga oid