O‘zbekiston | 17:25
3806
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston rasman Tinchlik kengashiga qo‘shildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 yanvar kuni Shveytsariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarboyjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari va tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.

«Tinchlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari va ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda.

Tinchlik kengashi mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega Yangi G‘azoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltirmoqda.

Kengash tarkibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar o‘rin oldi.

Kengash nizomini imzolab, O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatimizning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha ta’sischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini anglatadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid