Jahon | 12:56
1036
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Davosda Zelenskiy bilan uchrashmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashish niyati borligini bildirdi. U avval uchrashuv chorshanba kunining o‘zida bo‘lishini aytgan, ammo keyin so‘zini tuzatib, jurnalistlarga muzokaralar payshanba kuni bo‘lib o‘tishini aytdi. Bu haqda AQShning CNN telekanali chorshanba kuni, 21 yanvarda xabar berdi.

Foto: Joe Raedle/AFP/Getty Images

Ukrainaning “Yevropeyskaya pravda” nashri Davosda uchrashuv bo‘lishi mumkinligini, ammo bu chorshanba kuni emasligini ma’lum qildi.

Davosda nutq so‘zlar ekan, Tramp Ukraina prezidenti bitim tuzishga tayyor ekaniga ishonch bildirdi. “Menimcha, aytishim mumkinki, biz bunga ancha yaqin kelib qoldik”, — dedi u. AQSh prezidenti Ukrainada qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urush to‘xtatilishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.

Zelenskiyning o‘zi esa seshanba kuniyoq, Rossiyaning havo hujumlari davom etayotgani sababli mamlakat ichida uning tezkor hal qilinishi lozim bo‘lgan ishlari ko‘pligini aytgan edi. U Shveytsariyaga faqat imzolash uchun tayyor hujjat bo‘lsa yoki yordam bo‘yicha yangi, aniq va’da-maqsadlar paydo bo‘lsa — jumladan havo hujumidan mudofaa vositalarini yetkazib berish bo‘yicha — borishini bildirgan.

Tramp nutq so‘zlashidan sal oldin Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida Kiyevda o‘tgan hukumat yig‘ilishidan suratlarni joyladi, u yerda energiya ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilingan. Rossiya Ukraina energetika tizimi obektlariga ommaviy zarbalar bergani oqibatida Ukrainadagi ko‘plab shaharlarda aholi uzoq vaqt elektr va isitishsiz qolishga majbur bo‘lmoqda.

Mavzuga oid