Ko‘chmas mulk | 11:28
1496
3 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda uylar narxi 8 foizga qimmatlashdi

O‘zbekistonda o‘tgan yil davomida uy-joy narxlarining o‘rtacha o‘sishi 8 foizni tashkil etdi. Narxlarning eng ko‘p oshishi Surxondaryo (+19,5 foiz), Qoraqalpog‘iston (+15,6 foiz) va Farg‘onada (+15,5 foiz) qayd etildi. Poytaxtda narxlar deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa, Andijon viloyatida pasayish kuzatildi.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori dinamikasiga oid yangilangan tahlilini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, 2025 yil yakunlari bo‘yicha respublikada uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 295 mingtani tashkil etib, 15 foizdan ziyodga o‘sgan.

Hududlar kesimida

Yil davomida faollikning eng sezilarli o‘sishi Buxoro (25,7 foiz), Sirdaryo (23,3 foiz) va Samarqand (19,7 foiz) viloyatlarida kuzatildi. 2025 yilda respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30 foizi poytaxt bozori hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahrida savdo hajmi 18,2 foizga oshib, taxminan 84 ming bitimni tashkil etdi.

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar dinamikasi

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk ikkilamchi bozorida narxlar dinamikasining mo‘’tadil tezlashishi kuzatildi. Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 8 foizni tashkil etdi, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 6,2 foiz darajasida bo‘lgan.

Yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, ushbu hududlarda uy-joy narxining o‘rtacha yillik o‘sishi taxminan 17 foizni tashkil etdi.

Yil yakuniga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy uchun eng yuqori narxlar poytaxtda saqlanib qoldi. Shuningdek, nisbatan yuqori narxlar Samarqand viloyatida — bir kvadrat metr uchun 834 dollar, Toshkent viloyatida esa — bir kvadrat metr uchun 682 dollarni tashkil etdi.

Uy-joy uchun eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi — bir kvadrat metr uchun 378 dollar. Shuningdek, nisbatan past narx darajasi Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati taxminan 454 dollarni tashkil etdi.

Poytaxt ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat

Toshkent shahridagi ikkilamchi uy-joy bozorida o‘tgan yil davomida bir kvadrat metr xonadonning o‘rtacha qiymati 0,6 foizga oshdi. Shu bilan birga, narxlarning sezilarli pasayishi Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi – taxminan 5 foiz.

Shu bilan birga, birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlarning ancha sezilarli o‘sishi qayd etilgan – 9 foizlik o‘sish. Poytaxtda eng yuqori narx o‘sishi Mirobod (18 foiz), Yashnobod (14 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (13,5 foiz) tumanlarida kuzatildi.

Mavzuga oid