Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dubaydagi mushtlashuvda qatnashgan olti o‘zbekistonlik o‘limga hukm qilindi
Foto: Videodan kadr
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida 2025 yil aprelida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida ro‘y bergan janjal yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida sudlanuvchilardan olti nafari o‘lim jazosiga hukm qilingan, yana bir kishiga umrbod qamoq jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston TIVdagi manba Kun.uz’ga bergan izohida mazkur ma’lumotni tasdiqlab, hukm yuzasidan apellyatsiya berilishi va jarayon ko‘p yillarga cho‘zilishini ma’lum qildi.
UPD: O‘zbekiston TIV holat yuzasidan aniqlik kiritib, O‘zbekistonning 8 nafar fuqarosi umrbod ozodlikdan mahrum qilingani, yana bir fuqaroga 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda Dubay shahridagi yonilg‘i quyish shoxobchalaridan birining hududida o‘zbekistonliklardan iborat ikki jinoiy guruh o‘rtasidagi to‘qnashuv kelib chiqib, bir kishi pichoq zarbasi oqibatida vafot etgani, yana bir kishi komaga tushib qolgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi mazkur janjalda ishtirok etishda gumonlanib, 15 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.
Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi «so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi»dan ogohlantirgan, O‘zbekiston TIV esa «fuqarolarni xorijda mamlakat sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilish»ga chaqirgandi.
Mahalliy matbuotda ushbu voqea tafsilotlari paydo bo‘lgan. Unga ko‘ra, oldindan o‘zaro kelishmovchiligi bo‘lgan ikki guruh a’zolari yonilg‘i quyish shoxobchasida uchrashib qolgan. Qizil rangli Mercedes mashinasidan tushgan shaxsning oldiga bir necha kishi yugurib borib uni pichoqlagan. Uning sherigi qochishga uringan, biroq ko‘p o‘tmay uni tutib olishgan va kaltaklashgan.
Voqea joyiga yetib kelgan Dubay politsiyasi hududni o‘rab olgan va mushtlashuv ishtirokchilari qoldirgan buyumlarni musodara qilgan. Kuzatuv kameralari yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalari voqealar xronologiyasi va ishga aloqador shaxslarning shaxsini aniqlashga yordam bergan. Natijada politsiya amirlikdagi mehmonxonalardan birida mojaro ishtirokchilarini, jumladan, asosiy gumondorlarni qo‘lga olgan.
Keyinroq komadagi shaxs o‘ziga kelmay vafot etgan va mushtlashuv qurbonlari soni ikki nafarga yetgandi.
Dubay politsiyasi o‘z bayonotida amirliklarda bunday holatlar juda kam uchrashi, amirlikning o‘zi esa dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biri bo‘lib qolayotganiga ishontirgan.
Bu voqealardan ko‘p vaqt o‘tmay O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishida muammolar paydo bo‘ldi. Xususan, iyun oyi boshida futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida mahalliy milliy jamoaga qarshi uchrashuvni ko‘rishga borgan o‘zbekistonlik muxlislarning bir qismi aeroportda tekshiruvdan o‘ta olmagandi.
Mavzuga oid
19:54
O‘zbekiston TIV: Dubaydagi janjal ishtirokchilarining 8 nafari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan
18:32 / 22.01.2026
«Kelin o‘g‘irlash» ortidan sodir etilgan qotillik Qozog‘istonni larzaga soldi
15:35 / 10.01.2026
Molxonaga ko‘milgan seyf, tundagi yong‘in va uch qurbon – Dang‘aradagi mudhish qotillik
19:07 / 22.12.2025