Jahon | 10:03 / 23.01.2026
3140
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya O‘rta Yer dengizida Rossiya tankerini ushladi

Fransiya harbiy-dengiz kuchlari (HDK) O‘rta Yer dengizining g‘arbiy qismida Rossiyaga tegishli neft tashuvchi GRINCH tankerini qo‘lga oldi. Kema Rossiyaning “soya floti”ga mansub bo‘lishi mumkin, deb gumon qilinmoqda. Fransiya hokimiyati xabar berishicha, operatsiya Ispaniyaning janubiy sohili bilan Marokash shimoliy sohili oralig‘ida o‘tkazilgan, bu haqda payshanba kuni, 22 yanvarda ma’lum qilindi.

Foto: AP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron aytishicha, operatsiya vaqtida Fransiyani bir necha ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya qo‘llab-quvvatlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tanker xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lib, ehtimol, yolg‘on bayroq (o‘zini boshqa davlat bayrog‘i ostida ko‘rsatish) bilan harakatlangan.

Marsel prokuraturasi tanker yo‘nalishini o‘zgartirish va uni qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish uchun yo‘naltirish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

“Soya floti” asosan eski kemalardan iborat bo‘lib, ular g‘arbning sug‘urta va ro‘yxatdan o‘tkazish (registr) tizimlaridan tashqarida ishlatiladi. Ularning yordamida Rossiya Ukrainaga qurolli bostirib kirilganidan keyin Yevropa Ittifoqi joriy etgan sanksiyalarini chetlab o‘tadi. Neft sotishdan tushgan daromadlar, jumladan Hindiston va Xitoy kabi davlatlarga arzonroq narxda sotish orqali olingan mablag‘lar, urushni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy X tarmog‘ida bu operatsiya “aynan kerak bo‘lgan qat’iyat”ni ko‘rsatganini yozdi. U yanada qat’iy choralarga, jumladan kemalarni ushlash va ular tashayotgan neftini musodara qilishga chaqirdi.

Moskvada esa Rossiya tomoni bu voqea haqida rasman xabardor qilinmagani aytildi. TASS xabariga ko‘ra, RF hokimiyati kema bortida Rossiya fuqarolari bor-yo‘qligini aniqlashga harakat qilmoqda — zarurat bo‘lsa, ularga yordam ko‘rsatish uchun. Oktyabr oyida ham Fransiya o‘zining g‘arbiy sohili yaqinida sanksiyalar ostida bo‘lgan boshqa bir tankerni to‘xtatgan, biroq bir necha kundan keyin kema ozod qilingan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid