Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Har bir vazirlik va hokimlikning faoliyati mahalla bilan bog‘lanadi – prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Davlat rahbari mahalla islohot qayerda ishlayotganini ham, qayerda to‘xtayotganini ham aniq ko‘rsatadigan joy ekanini ta’kidladi.
«O‘tgan bir yilda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqdi, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish sohasida qilingan choralar sababli kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushdi. Bularning barchasi – islohotlarimiz samarasi bo‘lib, davlat va xalq o‘rtasidagi ishonch tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat. Lekin hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Biz 2026 yilni «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili», deb e’lon qilib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha katta vazifalarni belgilab oldik. Chunki mahalla bu – islohot qayerda ishlayotganini ham, qayerda to‘xtayotganini ham aniq ko‘rsatadigan joy. Mahallada ishsiz odam va kambag‘al oila saqlanib qolgan bo‘lsa, demak, islohot o‘sha yerga yetib bormagan. «Yettilik» va bankir odamlar muammosini hal qilmayotgan bo‘lsa, demak, shu yerda tizim ishlamayapti. Hech bir vazir, viloyat, tuman hokimi, bankir “yettilik”ni bahona qilishga haqqi yo‘q. Imkoniyat va mablag‘ bor, qaror va dastur bor. Yetishmayotgan narsa – mas’uliyat, shaxsiy javobgarlik», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mavjud imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha hokimlar va «mahalla yettiligi»ga metodik bilim va tajriba yetishmayotgani, mas’ul vazirlik va idoralar esa ularga ko‘maklashmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Arnasoyda chorvachilik, Sho‘rchida banan yetishtirish, Quvada anorchilik, Bo‘stonliqda asalarichilik bo‘yicha aholi va tadbirkorlar yaratgan tajribalar shunday ixtisoslashuvga ega boshqa tumanlar uchun yaxshi namuna bo‘la olishi, lekin bundan unumli foydalanilmayotgani qayd etildi.
«Bunday tajribalar hamma joyda bor. Lekin ularni o‘rgatib, qamrovini kengaytiradigan tizim yo‘q!», dedi davlat rahbari.
Mutasaddilarga bir oyda ishsizlik va kambag‘allik yuqori mahallalardagi imkoniyatlarni o‘rganib, ularga eng yaxshi tajribalarni olib kirish bo‘yicha metodik qo‘llanma qilib berish topshirildi. Hokimlar esa joylarda buning ijrosini tashkil etib, odamlarni ishli qilish, daromadini ko‘paytirish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topishga mas’ul va javobgar bo‘ladi.
«Umuman, bu yil har bir vazirlik va hokimlikning faoliyati mahalla bilan bog‘lanadi, qabul qilinadigan qarorlarda ham mahallada nima o‘zgarishi nazarda tutiladi, dedi prezident.
1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allikni 4,5 foizga tushirish joriy yil uchun vazifa etib belgilandi.
Mavzuga oid
20:11 / 20.04.2026
O‘zbekiston aholi bandligi bo‘yicha 187 ta davlat orasida 114-o‘rinni egalladi
08:58 / 09.04.2026
Mahallalarda xavfsizlikni ta’minlashda yangi model joriy etiladi
20:38 / 19.03.2026
Prezident mahalla tizimining bir guruh xodimlarini taqdirladi
18:58 / 06.03.2026