Jahon | 16:47
1558
3 daqiqa o‘qiladi

Kaya Kallas: “Jazosizlik bo‘lmasligi kerak” - YeI tribunalga 10 mln o‘tkazdi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiya jinoyatida Rossiyaning yetakchi siyosiy arboblari roli bo‘yicha tergov olib boradigan maxsus tribunal ishini moliyalashtirish uchun dastlabki 10 mln yevroni o‘tkazdi. Bu haqda payshanba kuni, 22 yanvarda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas X ijtimoiy tarmog‘ida xabar qildi.

Foto: REUTERS

“Rossiya rahbarlari bu urush uchun javobgar va ular javobgarlikka tortilishi shart. Jazosizlik bo‘lmasligi kerak”, — deya ta’kidladi Kallas va tegishli kelishuv Yevropa Kengashi bilan imzolanganini bildirdi.

Yevropa Kengashi vazirlar qo‘mitasi 2025 yil may oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiya jinoyati bo‘yicha maxsus tribunalni tuzish jarayonini rasman boshlagan. Bunga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tegishli murojaati sabab bo‘lgan.

BMT “agressiya jinoyati” deganda davlat tomonidan boshqa bir mamlakatning suvereniteti, hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi qurolli kuch ishlatilishini tushunadi.

2025 yil iyun oyida Yevropa Kengashi Ukraina bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiya jinoyati bo‘yicha Maxsus tribunal tashkil etish to‘g‘risida kelishuv tuzgan. Hujjat Strasburgda Yevropa Kengashi bosh kotibi Alen Berse va Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy tomonidan imzolangan. Ushbu tergov doirasida voqealar 2022 yildan emas, balki 2014 yil fevral oyidan boshlab o‘rganiladi — ya’ni keng ko‘lamli urush boshlangan davrdan oldingi vaqt ham qamrab olinadi.

YeIning mazkur maxsus tribunalni moliyalashtirish uchun dastlabki 10 mln yevro ajratish haqidagi qarori 2025 yil oktyabr oyida qabul qilingan.

Surishtiruv prezident, tashqi ishlar vaziri va bosh vazirga nisbatan olib boriladi. Yevropa Kengashi BMT Xavfsizlik kengashidek vakolatlarga ega emas (BMT Xavfsizlik kengashi prezident, bosh vazir va tashqi ishlar vaziri kabi uch oliy mansabdor shaxsning shaxsiy immunitetini bekor qilishi mumkin). Shu sababli ularning uchalasi ham faqat o‘z lavozimlarini tark etganidan keyin sud oldida javob berishi mumkin.

Tribunal loyihasiga ko‘ra, natijada ayblov xulosasi tayyorlanishi mumkin, biroq sud immunitet bekor qilinmaguncha rasman ayblov qo‘ya olmaydi va hibsga olish orderi chiqara olmaydi, deb DW’ga tribunal tuzish jarayoniga yaqin manba 2025 yil aprel oyida tushuntirgan. Uning aytishicha, ishda Kiyev tuzgan ro‘yxat asosida jami taxminan yigirmaga yaqin rossiyalik amaldorlar nomi tilga olinishi kutilmoqda.

Mavzuga oid