O‘zbekiston | 11:36
1993
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda quyosh panellari ostida ekin yetishtirish bo‘yicha tajriba boshlandi

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanuvchi energiyani uyg‘unlashtirgan agrivoltaika loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 800 kVt quvvatda “yashil energiya” ishlab chiqarish rejalashtirilib, quyosh panellari ostida sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy tajribalar o‘tkaziladi.

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida xalqaro hamkorlik doirasida navbatdagi muhim tashabbus — agrivoltaika loyihasi amalga oshirilmoqda. U qishloq xo‘jaligi hamda qayta tiklanuvchi energiya sohalarini uyg‘unlashtirgan holda, ilm-fan va innovatsiyalarni bevosita amaliyotga joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatli, deya qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha Fransiyaning Voltalia SA kompaniyasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilmoqda. Agrivoltaika texnologiyasi orqali bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Bu yechim yer hamda energiya resurslaridan samarali foydalanish, ilmiy tajribalar ko‘lamini kengaytirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Loyihaning ochilish tadbirida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov hamda Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk ishtirok etgan. Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, “yashil energetika” va agrar ilm-fanni uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, institutning Toshkent ilmiy-tajriba stansiyasi hududida sinov tariqasida 800 kVt quvvatga ega “yashil energiya” ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. U 1 million AQSh dollari miqdoridagi grant asosida amalga oshirilib, quyosh panellari ostida sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy tajribalar olib boriladi.

Shuningdek, loyiha doirasida institut hududidan 1 gektar yer maydoni ajratilib, tomonlar o‘rtasida investitsion shartnoma imzolangani ma’lum qilindi. Tashabbus qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarining amaliy samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid