Jahon | 08:53
1386
5 daqiqa o‘qiladi

Belgiya xato sabab “Tinchlik kengashi”ga Belarus o‘rniga kiritib qo‘yildi

Oq uy jurnalistlarga tarqatilgan “Tinchlik kengashi” ishtirokchilari ro‘yxatiga tasodifan Belgiyani kiritib yuborgan. Ammo ro‘yxatga Belgiya emas, aynan Belarus kirishi kerak edi - chunki Belarus (Belgiyadan farqli ravishda) tashkilotga qo‘shilishga rozilik bergan.

Foto: REUTERS

Oq uy AQSh prezidenti Donald Tramp tuzgan “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilishga rozi bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga adashib Belgiyani kiritib qo‘ygan. Ehtimol, u Belgiyani Belarus bilan adashtirib yuborgan. Bu haqda payshanba kuni, 22 yanvarda AQShning NBC News telekanali xabar qildi.

NBC ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati jurnalistlarga “Tinchlik kengashi”ga kirgani aytilgan 22 davlatdan iborat ro‘yxatni tarqatgan. Unda Belgiya va AQShdan tashqari quyidagi mamlakatlar ham bor edi: Ozarboyjon, Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Vengriya, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Qatar, Kosovo, Marokash, Mongoliya, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Pokiston, Paragvay, Saudiya Arabistoni, Turkiya va O‘zbekiston.

Biroq ushbu ro‘yxatda Belarus yo‘q edi. Holbuki, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 20 yanvar kuni tashkilotga qo‘shilish haqidagi hujjatni imzolagan.

Oq uy tuzgan “Tinchlik kengashi” ishtirokchilari rasmiy ro‘yxati ochiq manbalarda e’lon qilinmagan. Shu bilan birga, Belgiya ham kiritilgan davlatlar ro‘yxatini 22 yanvar kuni X ijtimoiy tarmog‘ida Saudiyaning Asharq News telekanalining Vashingtondagi byuro rahbari Xiba Nasr e’lon qildi. U: “Aniq aytib qo‘yay: ro‘yxat Oq uy tomonidan tarqatilgan”, — deb yozgan.

Vaziyatga Belgiya bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo izoh berdi. U X sahifasida shunday yozdi: “Belgiya ‘Tinchlik kengashi’ nizomini imzolamagan. Bu haqdagi xabar noto‘g‘ri. Biz Yevropaning yagona va muvofiqlashtirilgan javob bilan chiqishini istaymiz. Ko‘plab Yevropa davlatlarida bo‘lgani kabi, bizda ham bu taklif bo‘yicha ayrim shubhalar bor”.

Belgiyaning VRT teleradiokompaniyasi esa mamlakat hukumatidagi manbalarga tayanib, Oq uy Belgiyani Belarus bilan adashtirib, birinchi davlatni “Tinchlik kengashi” a’zolari ro‘yxatiga kiritganini xabar qildi.

Shu bilan birga, NBC ma’lumotiga ko‘ra, Belgiya haqiqatdan ham tashkilotga qo‘shilish hujjatini imzolagan, ammo so‘nggi daqiqada qarorini o‘zgartirgan.

Biroq Belgiya hukumati bu ma’lumotni rad etmoqda. Prevo matbuot xizmati shunday bayonot berdi: “Biz hech qachon hujjatni imzolash niyatini bildirmaganmiz. Biz amerikalik hamkorlarimizga nima sababdan ushbu hujjatni hozirgi ko‘rinishida imzolay olmasligimizni tushuntirganmiz”.

“Tinchlik kengashi” G‘azo sektorida tinchlikni yo‘lga qo‘yish rejasini ta’minlash maqsadida tuzilgan. Ammo uning nizomi bilan tanishgan kuzatuvchilar bu organ vakolatlari ancha kengayib ketishi va u BMTga raqobatchiga aylanib qolishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

“Tinchlik kengashi”ga kirish uchun taxminan 60 davlatga taklif yuborilgan. Shulardan 30 dan ortig‘i, jumladan Rossiya, Ozarboyjon, Armaniston, BAA va Turkiya rozilik bildirgan.

YeI davlatlari orasida Bolgariya va Vengriyadan tashqari ko‘pchiligi yo ishtirok etishdan bosh tortgan (masalan, Norvegiya, Sloveniya, Fransiya va Shvetsiya), yoki taklifga munosabat bildirmagan. Buyuk Britaniya ham “Tinchlik kengashi” nizomini imzolashga rozi bo‘lmagan.

Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida hujjatni imzolash marosimida 19 davlat vakillari ishtirok etgan.

Shuningdek, AQSh prezidenti Kanadaga yuborilgan taklifni qaytarib olgan. U bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kanada bosh vaziri Mark Karniga murojaat qilib post yozgan. Bu Karnining JIFdagi nutqidan so‘ng ro‘y bergan: u nutqida, jumladan, “ulkan davlatlar” iqtisodiy integratsiya, tariflar va boshqa vositalardan “o‘rta davlatlar”ni majburlash uchun foydalanadigan jahon siyosati holatini tanqid qilgan.

Mavzuga oid