Jahon | 10:40
658
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Italiya hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi

Berlin va Rim strategik hamkorlik rejasi hamda mudofaa va xavfsizlik sohasidagi kelishuvlarni ma’qulladi. GFR kansleri iqtisodiyotni mustahkamlash, migratsiya siyosati va YeI hamda NATO rolini kuchaytirish istagini bildirdi.

Foto: Andreas Solaro/AFP

Germaniya va Italiya 23 yanvar, juma kuni Rimda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo maslahatlashuvlar yakunlariga ko‘ra strategik sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib oldi. GFR kansleri Fridrix Mers va bir qator federal vazirlar tashrifi chog‘ida ikki hujjat imzolandi: Germaniya–Italiya “strategik hamkorlik bo‘yicha harakatlar rejasi” va mudofaa hamda xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik qilish haqidagi deklaratsiya.

Mersning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Italiya “faol migratsiya siyosati”ni qo‘llab-quvvatlaydi, iqtisodiyotga “yangi turtki” berish tarafdori, shuningdek ikki mamlakat mudofaa sanoati hamkorligiga “yangi dinamika” kiritishni istaydi.

Mers 2026 yilda Germaniya va Italiya “umumiy tarixda kam uchragan darajada yaqin” ekanini, ikki mamlakat oldida turgan chaqiriqlarni baholashda katta darajada muvofiqlik borligini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, Berlin va Rim oldida ikki asosiy vazifa turibdi: sanoat raqobatbardoshligini kuchaytirish va xavfsizlik darajasini oshirish. “Biz yagona Yevropa Ittifoqi va yangi ‘katta davlatlar davri’da kuchli NATO uchun kurashyapmiz”, — dedi kansler.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni qo‘shma matbuot anjumanida tomonlar allaqachon yaqin bo‘lgan sheriklik doirasida “yanada ulkanroq maqsadlar”ni oldiga qo‘yganini bildirdi.

Meloni umumiy mudofaa siyosati va AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati haqida gapirar ekan, Yevropa davlatlari “boshqalar biz uchun nima qilishi mumkin” degan savolni berish emas, balki “biz o‘zimiz nima qilishimiz kerak” degan masalaga e’tibor qaratishi lozimligini ta’kidladi.

Berlin va Rim kelishgan harakatlar rejasi ikki tomonlama hamkorlikni hamda Yevropa Ittifoqi darajasida muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga qaratilgan. Ikki hujjatda ham Germaniya va Italiyaning YeI va NATOdagi roli alohida urg‘ulanadi, shuningdek Rossiya tajovuzi davom etayotgan sharoitda Ukrainaga keyingi qo‘llab-quvvatlashga sodiqlik tasdiqlanadi.

Germaniya tomonidan hujjatlarni imzolashda Mersdan tashqari to‘qqiz nafar federal vazir ishtirok etgan. Ular orasida moliya vaziri Lars Klingbayl, tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful, mudofaa vaziri Boris Pistorius, ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt va iqtisodiyot vaziri Katerina Rayxe ham bor.

Xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha alohida deklaratsiyada Germaniya va Italiya operatsiyalar, missiyalar, inqirozlarni boshqarish va harbiy tayyorgarlik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga, shuningdek mudofaa tarmoqlari kooperatsiyasini kengaytirishga kelishdi. Bu, jumladan, havodan mudofaa va raketaga qarshi mudofaa, harbiy kemalar qurilishi hamda aviatsiya jangovar tizimlari sohalarini ham o‘z ichiga oladi.

So‘nggi oylarda Berlin va Rim bir qator muhim masalalar bo‘yicha pozitsiyalarini sezilarli darajada yaqinlashtirgan. Jumladan, YeI bilan Merkosur davlatlari o‘rtasidagi erkin savdo kelishuvini qo‘llab-quvvatlash va 2035 yildan yangi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar sotuvini taqiqlash haqidagi umumevropa qarorini qayta ko‘rib chiqish shular jumlasidandir.

Mavzuga oid