Süddeutsche Zeitung nashrining yozishicha, Varshava 2026 yil bahorida Germaniya hukumatiga kompensatsiyaning aniq miqdorini taklif qilgan. Gap Ikkinchi jahon urushi davrida milliy sotsializm qurboni bo‘lgan va hozirgacha hayot bo‘lgan Polsha fuqarolari haqida ketmoqda.
Polsha rasmiylarining baholashicha, bunday shaxslar soni hozirda taxminan 50 ming nafarni tashkil etadi. Ulardan har oy o‘rtacha ming nafarga yaqini vafot etmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ikki oy avval Germaniya hukumatida Polshaga reparatsiyalar masalasi bo‘yicha maxsus yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful, ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt hamda moliya vaziri Lars Klingbayl ishtirok etgan.
Manbalarning aytishicha, Germaniya hukumati bunday qaror boshqa davlatlar uchun ham huquqiy pretsedent yaratishi mumkinligidan xavotirda. Chunki natsizmdan jabr ko‘rgan boshqa mamlakatlar ham shunga o‘xshash tovon talab qilish ehtimoli mavjud.
Shuningdek, yig‘ilishda Germaniya davlat budjeti bilan bog‘liq murakkab moliyaviy vaziyat ham muhokama qilingan.
Süddeutsche Zeitung hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Germaniya Polsha taklifini qabul qilsa, birinchi yilda kompensatsiyalar uchun taxminan 100 mln yevro sarflanadi. Barcha dastur bo‘yicha umumiy xarajat esa 300 mln yevroga yaqinlashadi.
Berlin rasman Polsha tomonidan avvalgi konservativ hukumat davrida ilgari surilgan reparatsiya talablarini huquqiy jihatdan asoslanmagan deb hisoblaydi.
Shunga qaramay, 2024 yilda Germaniyaning o‘sha paytdagi kansleri Olaf Shols humanitar qadam sifatida Polshaga 200 mln yevro ajratishga tayyorligini bildirgan edi. Ammo Polsha bosh vaziri Donald Tusk bu miqdorni yetarli emas deb baholagan.
So‘nggi taklif Germaniyadan umumiy davlatlararo reparatsiya emas, balki tirik qolgan natsizm qurbonlariga muntazam har yillik kompensatsiya to‘lashni nazarda tutadi.







