Ko‘chmas mulk | 07:55
4215
2 daqiqa o‘qiladi

Inaura: Dubayda g‘ayrioddiy osmono‘par bino loyihasi taqdim etildi

Dubay markazida qurilishi rejalashtirilayotgan Inaura nomli yangi osmono‘par bino loyihasi taqdim etildi. Loyihaning eng diqqatga sazovor qismi - binoga yuqori qavatlar orasiga “kiritilgan”, qimmatbaho toshdek yorug‘lik sochib turadigan sfera.

Foto: MVRDV

Osmono‘par binolar shahar manzarasini deyarli to‘liq egallab olgan joyda qanday ajralib turish mumkin? Variant — haqiqatan ham ulkan inshootlar qurish. Yana bir yo‘l — boshqacha yondashib, yorqin va esda qolarli obrazga tayanish. MVRDV arxitektura byurosi ikkinchi variantni tanlab, Inaura nomli minora loyihasini taqdim etdi. Uning eng asosiy aksenti — binoga yuqori qavatlar orasiga “kiritib qo‘yilgan”, yorug‘lik tarqatib turadigan, qimmatbaho toshga o‘xshash sfera bo‘ladi.

Inaura'ni Downtown Dubai hududida qurish rejalashtirilgan. Bino shaharning turli nuqtalaridan yaxshi ko‘rinishi uchun shunday yo‘naltiriladiki, oynalardan Burj-Xalifaga — hozircha dunyodagi eng baland binoga ta’sirli manzaralar ochilishi ko‘zda tutilgan.

Osmono‘par binoning balandligi 210 metr bo‘ladi. Bu ancha baland, ammo Dubaydagi Burj-Xalifa yoki Tiger Sky Tower kabi ulkan minoralar bilan solishtirganda ancha kamtarroq ko‘rsatkich.

Arxitektura jihatidan minora nisbatan bosiq, to‘rtburchak shaklga ega bo‘ladi. U shisha fasad bilan qoplanadi, fasadni gorizontal ritm va perimetr bo‘ylab joylashgan balkonlar “jonlantiradi”. Va, albatta, o‘sha yorug‘lik tarqatib turadigan sfera — u bir vaqtning o‘zida ham kuchli vizual belgi, ham ta’sirchan dam olish zonasi vazifasini bajaradi.

Ichki maydonlarning asosiy qismini turar joy apartamentlari hamda mehmonxona egallaydi. Qulayliklar qatorida restoran, trenajyor zali, basseyn va eksklyuziv spa-majmua ko‘zda tutilgan. Qurilish qachon yakunlanishi hali e’lon qilinmagan.

Mavzuga oid