Jahon | 15:42
3436
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: AQSh harbiy kemalari Eron tomon yo‘l olmoqda

“Katta flot” Eron sohillari tomon - “har ehtimolga qarshi” ketyapti, dedi AQSh prezidenti. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Yaqin Sharqqa “Avraam Linkoln” aviatashuvchisi va bir necha esminets yetib boradi.

Foto: Fazry Ismail/AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlar ehtimolini yana rad etmadi — bu mamlakatda hokimiyat ommaviy norozilik aksiyalarini qattiqqo‘llik bilan bostirgan. “Bizda armada bor — ulkan flot har ehtimolga qarshi shu tomon harakatlanyapti. Balki uni ishlatishga to‘g‘ri kelmas. Ko‘ramiz”, — dedi Tramp payshanba kuni, 22 yanvarda Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi (JIF)dan qaytar ekan, jurnalistlarga.

Shu bilan birga, Oq uy rahbari Tehronga qarshi harbiy kuch ishlatishni istamasligini ham qo‘shimcha qildi. “Biz Eronni kuzatyapmiz, — dedi u. — Biz ularni juda diqqat bilan kuzatyapmiz”.

Reuters agentligi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan amerikalik amaldorlarga tayanib xabar berishicha, yaqin orada Yaqin Sharqqa “Avraam Linkoln” aviatashuvchisi boshqariladigan raketalarga ega bir necha esminets hamrohligida yetib boradi. Agentlik manbalaridan biri, shuningdek, Eron tomonidan ehtimoliy zarbalardan AQSh bazalarini himoya qilish uchun mintaqada qo‘shimcha havo mudofaasi tizimlarini joylashtirish ehtimoli haqida ham aytgan.

AQShda joylashgan HRANA huquqni himoya qilish tarmog‘i Erondagi ommaviy namoyishlarni bostirish paytida 5002 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, bu raqamga 4714 nafar namoyishchi, 207 nafar davlat xodimi, 42 nafar voyaga yetmagan va 39 nafar tasodifiy shaxs kiradi. Yana 9787 ta o‘lim holati bo‘yicha tekshiruv davom etyapti.

Avvalroq Eron hukumati vakili ham Reuters agentligiga maxfiylik sharti bilan shunga yaqin raqamni aytgan: kamida 5000 kishi halok bo‘lgan, ular orasida taxminan 500 nafar kuch tuzilmalari xodimlari bor. Amaldor “aybi yo‘q eronliklar” o‘limi uchun aybni namoyishchilarning o‘z zimmasiga yuklagan.

Bundan tashqari, HRANA faollari ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 26 800 kishi hibsga olingan. Eron davlat OAV ham mamlakatning bir necha hududlarida so‘nggi kunlarda ko‘plab hibslar bo‘lganini xabar qilgan.

Trampning bu bayonotlari 2025 yil dekabri oxirida boshlangan Erondagi namoyishlarni qattiqqo‘llik bilan bostirish fonida yangradi. Avvalroq AQSh prezidenti, agar Eron hokimiyati namoyishchilarni ommaviy ravishda o‘ldira boshlasa, Eronga “hali ko‘rilmagan zarbalar” berish bilan tahdid qilgan va namoyishchilarga yordam “yo‘lda” ekanini aytgan edi. Biroq 16 yanvar kuni Tramp yumshoqroq ohangda gapirib, “Eron 800 dan ziyod odamni osib o‘ldirishni bekor qildi”, degan.

Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati harbiy harakatlarga tayyorgarlikni davom ettirgan. Axios nashri manbalarga tayanib, Tramp zarbalar haqida qarorni kechiktirganini, ammo harbiy variant kun tartibidan olib tashlanmaganini qayd etgan.

Mavzuga oid