Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp «bir parcha muz» orzusida – hafta dayjesti
Assalomu alaykum. Bugun 25 yanvar, yakshanba. Amerikalik milliarder Donald Trampning benefisiga aylangan hafta ortda qolyapti. Hafta davomida mister Tramp Grenlandiyaga tahdidlarni davom ettirdi, kechagacha ajralmas ittifoqchi bo‘lgan Yevropa va Amerikani deyarli dushmanga aylantirdi. Lekin Erondagi namoyishchilarga va’da qilgan yordamni ko‘rsatishga jur’ati yetmadi.
Shuningdek, hafta davomida aqldan ozayotgan dunyoda sobiq SSSR tarkibiga kirgan yana bir davlat o‘z xavfsizligidan xavotirga tushib, qo‘shni davlat bilan birlashish haqida jiddiyroq o‘ylay boshladi. Zelenskiy esa Rossiya kemalarini cho‘ktirish bo‘yicha yevropaliklarga tavsiyalar berdi. Quyida hafta davomida dunyo siyosatida sodir bo‘lgan shu va boshqa muhim voqealarni birgalikda eslaymiz.
«Grenlandiya bizniki», dedi Tramp
Demak amerikalik Tramp hafta davomida Daniyaga tegishli bo‘lgan dunyodagi eng katta orol Grenlandiyaga nisbatan tahdidlarini davom ettirdi. Orol aholisi Amerikaga qo‘shilmasligini aytib namoyishga chiqqani, hatto urushishga tayyorligini aytgani ham milliarderni fikridan qaytara olmadi.
Haftaning eng muhim uchrashuvi Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tkazildi. An’anaviy iqtisodiy forumda Trampga ham so‘z berishdi. Uning aytishicha, Grenlandiya Amerikaga «mintaqa xavfsizligini ta’minlash uchun» kerak ekan. Shuningdek, Amerika Ikkinchi jahon urushidan keyin Daniyaga Grenlandiyani qaytargan ekan.
Shu yerda qofiya kelganda ma’noni bir chekkaga surib gapirib yuborgan Tramp tarixiy xatoga yo‘l qo‘ydi. Chunki Grenlandiya hech qachon Amerikaniki bo‘lmagan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida Daniya nemislar orolni egallashidan qo‘rqib, u yerda amerikaliklar harbiy baza qurishi bo‘yicha kelishuv imzolagan. Huquqiy jihatdan Grenlandiya 1933 yildan Daniyaga tegishli.
Tramp yevropaliklar oldida chiqish qilib, AQSh ular uchun qilgan ishlarini minnat qildi. Orada Amerika qilmagan ishlarni ham sanab o‘tdi, o‘sha gap, qofiya kelib qoldi. Keyin «shuncha qilganimizdan keyin bittagina narsa so‘rayapman, bir parcha muz», dedi. Qiziq zamonda yashayapmiz, atrofga qarasangiz, hamma narsa zamonaviy, inson ongi rivojlangandek go‘yo, lekin Yevropadagi oriylar qatnashadigan eng zo‘r iqtisodiy forumda dunyodagi eng boy davlat vakili chiqadi-da, butun boshli mamlakat hududiy yaxlitligi haqida mazax qilib gapiradi.
Janob, siz viskiga solib ichish uchun bir parcha muz so‘rayotganingiz yo‘q, siz bir parcha muz deyotgan o‘sha sovuq o‘lkani minglab odamlar vatan tutgan, o‘z hayotini qurgan. Siz ulardan ota hovlisini, vatanini sotishni so‘rayapsiz. Bo‘lmasa bosib olaman deyapsiz. O‘zidan kuchsizlarga bunaqa o‘dag‘aylash aslo kuchlilar xususiyati emas. Kimdir atrofidagi hammaga tahdid qilyaptimi, u kuchli emas, shunchaki kuchli ko‘rinishga urinyapti. O‘tgan asr o‘rtasida ham bittasi butun Yevropaga tahdid qilib chiqqandi. Oxiri nima bo‘ldi? Hatto sudda turib javob berishga ham jur’ati yetmadi.
Tramp Yevropaga qarshi
Tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini ololmaganidan darg‘azab Tramp ortiq tinchlik haqida bosh qotirishga majbur emasligini aytdi. Demak uning mantig‘icha, Amerika prezidenti Norvegiya hukumati beradigan o‘sha mukofot uchungina tinchlik uchun harakat qilishi kerak ekan. Mukofotni ololmasa, tinchlik haqida o‘ylashi majburiy bo‘lmay qolarkan. Xuddi «Oltin to‘p»ni yutolmagan Vinisius hammadan arazlab yurgandek.
Tramp dunyoda siyosiy vaziyatni izdan chiqarish uchun ko‘p ish qildi: prezident olib qochdi, qo‘shnilarga tahdid qildi, to‘g‘ri kelgan davlatga sanksiya qo‘lladi va mana, endi Yevropaga dushmanlik pozitsiyasini tanladi.
Birinchi muddatida ham Tramp taxmin qilib bo‘lmas prezident edi, lekin o‘shanda respublikachi partiya hartugul unga ta’sir ko‘rsata olar, atrofida partiyaviy byurokratlar ko‘p edi. Ikkinchi muddatga saylangan Tramp butkul boshqacha, u qaysidir partiya nomzodi emas, mustaqil nomzodga o‘xshaydi.
Tramp ikkinchi muddatga kirishganidan keyin Amerikada ikkita partiya borligi ham unutildi. Trampning o‘zi ham tan oldi – u chinakam diktatorlar yo‘lidan ketyapti! Buni qarangki, Amerikaday prezident vakolatlari cheklangan davlatda ham Tramp kabi hech qanday qoidalarni pisand qilmaydigan siyosatchini tiyib turuvchi kuch, tiyib turuvchi qonun va nihoyat hech qanday tiyib turuvchi qadriyat yo‘q ekan.
Trampning ikkinchi muddatida amerikaliklar haqida tasavvurlar ham o‘zgarib ketdi. Butun dunyo onlayn rejimda kuzatyaptiki: amerikaliklar uchun ularning davlati hech kimga tahdid qilmasligi, tinchlik davlati bo‘lishidan ko‘ra tuxum narxi qanchaligi muhimroq ekan. Vetnamdagi urushga qarshi chiqqan amerikaliklar qayoqda qoldi?
Birgalikda urushni yenggan Yevropa va Amerika dushman bo‘lishini tasavvur qilarmidingiz? Aftidan, zamonaviy, mustaqil dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan bu ikki ittifoqchi kamida Tramp prezidentligi davrida xuddi kundosh kabi bir-biriga qovoq uyub yashashini ko‘rishga majburmiz.
Yevropa tomondan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron amerikalik Trampga ochiqchasiga qarshi chiqmoqda. Yaqinda Makron Trampga xat yozibdi. Unda Fransiya lideri «Do‘stim, biz Suriya bo‘yicha bir pozitsiyadamiz, Eron bo‘yicha katta ishlar qilishimiz mumkin. Sen Grenlandiya bilan nimalar qilayotganingni tushunmayapman», deb yozgan.
Bir prezidentning boshqa prezidentga yozgan xati mazmunini bilish aslida imkonsiz, lekin Tramp uni o‘z sahifasida e’lon qilib yubordi. Fransiya prezidenti Trampning Tinchlik kengashiga kirmasligini ochiq aytgani amerikalikka yoqmagan ko‘rinadi.
Tramp Makronni kengashda hech kim kutmayotgani, u tez orada ketishini aytib troll qilishga harakat qildi. Lekin Davosdagi forumga Baydenniki kabi ko‘zoynakda borgan Makron «biz stabil va taxmin qilish mumkin bo‘lgan dunyoda yashayapmiz», deb Trampning trolliga juda salobatli hazil bilan javob qaytardi.
Mister Tramp bir narsani hisobga olmayapti. Vashington har qancha siyosat sahnasida kattalik qilishga urinmasin, siyosat degan bu sahnani ovrupoliklar qurgan. Ular dunyo siyosatining ming yillik bo‘rilari, Amerika esa ular uchun davlatchiligi 300 yilga ham bormaydigan kechagi davlat.
NATO kelishuv taklif qildi
Tramp Grenlandiya manziliga tahdidomuz chiqishlarini kanda qilmayotgan bir vaqtda NATO bosh kotibi Marko Ryutte Tramp ma’muriyatiga orolni bosib olish o‘rniga alternativ variant taklif qilgani haqida xabarlar chiqdi. Amerika nashrlarining yozishicha, Tramp bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan Ryutte unga Daniya bilan 1951 yilda imzolangan kelishuvni qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, Xitoyning Daniya iqtisodiga investitsiya kiritishini cheklash masalasida muzokara o‘tkazishni taklif qilgan. Balki shuning uchundir Tramp Davosda Grenlandiya masalasida biroz yumshoq gapirib, u yerni olish uchun kuch ishlatilmasligini aytdi.
Qizig‘i, Amerikaning Grenlandiyada shundog‘am harbiy bazasi bor. 1951 yilda ikki davlat orolni birgalikda himoya qilish bo‘yicha kelishuv ham imzolagan. Jo Bayden ma’muriyati vaqtida amerikalik harbiylarga Grenlandiyada deyarli hech qanday harakatni cheklamaydigan kelishuvga erishilgan.
Daniya uzoq yillar NATO davlatlari va AQShdan arktika xavfsizligiga ko‘proq e’tibor qaratishni so‘rab kelgan. Ya’ni Daniya AQSh Grenlandiyani qo‘riqlashiga hech qachon qarshi bo‘lmagan, aksincha buni o‘zi so‘ragan.
Shundan bilsa bo‘ladi, Trampning maqsadi harbiy emas, siyosiy. AQSh xohlasa, maqsadi chindan arktika xavfsizligini ta’minlash bo‘lsa, Grenlandiyada istaganicha harbiy baza qurishi mumkin, bu uchun Daniya bilan kelishsa kifoya. Lekin Tramp orol xavfsizligi haqida emas, amerikaliklarga ko‘rdingizmi, men Grenlandiyani baribir oldim, deyish haqida o‘ylayotgan ko‘rinadi.
Va yana bir mulohaza. Tramp Grenlandiya mavzusini ochish orqali o‘zi hal qilolmayotgan haqiqiy jiddiy muammolardan chekinishni istagan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, Ukrainadagi urushni tugata olmadi, bu u o‘ylaganidan jiddiyroq urush bo‘lib chiqdi. Grenlandiya esa juda qulay mavzu, narigi tomonda kelishishni istamaydigan, 12 yildan beri bitta oblastni ololmasa-da, urushni tugatish haqida o‘ylamayotgan odam ham yo‘q.
Ruminiya va Moldova birlashishi mumkin
Sobiq SSSR tarkibidagi yana bir davlat o‘z mustaqilligidan xavotirga tushib chora izlamoqda. Yevropadagi eng kambag‘al davlatlardan biri Moldova o‘zini Rossiyadan mustaqil himoya qila olmasligini tushungan holda kuchliroq qo‘shnisi Ruminiyaga qo‘shilish haqida o‘ylayapti.
Moldova prezidenti Maya Sanduning aytishicha, Ruminiya bilan birlashish mamlakatga mustaqil dunyo tarkibida qolish va tinchlikda yashash imkonini berishi mumkin. Prezident Sandu bu borada referendum bo‘lsa, ha, deb javob berishini aytdi. Biroq oxirgi o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, moldovaliklarning 61 foizi Ruminiya bilan birlashishga qarshi chiqqan, aksar fuqarolar mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini istaydi. Ruminiya prezidenti Nikushor Dan hozir bu haqda gapiradigan vaqt emasligi, barcha moldovaliklar buni istasa, o‘ylab ko‘rish mumkinligini aytdi.
Ana shunaqa zamon, azizlar. Davlatlar omon qolish uchun tinch, boy qo‘shnisi tarkibiga qo‘shilishga ham rozi bo‘lishi mumkin ekan. Chunki 2022 yil fevraldan buyon hech kim o‘zini xavfsizlikda deb hisoblay olmaydi...
Asabiy Zelenskiy
Davosdagi iqtisodiy forumga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni ham chaqirishdi. U juda asabiy ekani gaplaridan sezildi, chunki Amerika muzokaralarda jiddiy qatnashmayapti, Rossiya esa qahraton qishda Ukraina energiya tizimini ishdan chiqarish bilan ovora.
Zelenskiy so‘zi avvalida Yevropani qat’iyatsizlikda ayblab, mashhur «Sug‘ur kuni» filmini yodga oldi. «Hech kim bir narsa haftalab, oylab, yillab davom etishini istamaydi. Lekin afsuski, biz xuddi shunday yashayapmiz. O‘tgan yil ham nutqimni Yevropa himoyalanishni o‘rganishi kerak, deb tugatgandim. Bir yil o‘tdi, lekin hech nima o‘zgarmadi.
Yevropa kelajakni muhokama qilishni yaxshi ko‘radi, lekin bugun harakat qilishdan qochadi. Vaholanki, kelajagimizni bugungi harakatlarimiz belgilab beradi. Nega Tramp soyadagi flot tankerlarini tutib, neftini oladi, lekin Yevropa bunday qilolmaydi? Hozir NATO Amerika nimadir qiladi, deb yuribdi, lekin qilmasa-chi? Agar Putin Litva yoki Polshani olmoqchi bo‘lsa, nima qilasiz?» dedi Zelenskiy.
U yevropaliklarga Rossiya kemalari bilan nima qilish kerakligi haqida gapirib berdi. «Biz nima qilishni bilamiz. Rossiya kemalari Grenlandiya bo‘ylab erkin suzib yursa, Ukraina yordam bera oladi. Bu borada tajribamiz, qurolimiz bor. Ularni Qrim sohillarida cho‘kkani kabi cho‘ktira olamiz», dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti Erondagi voqealarga ham dunyo og‘zini ochib qarab o‘tirganini tanqid qildi. «Siyosatchilar pozitsiya tanlash bilan ovora bo‘lib o‘tirganda, oyatulloh minglab odamlarni o‘ldirdi. Erondagi rejim omon qolsa, bu barcha zolimlarga istaganingcha odam o‘ldiraver, sen baribir hukumatda qolasan, degan signal bo‘ladi», dedi Ukraina prezidenti.
Ana shunaqa gaplar, azizlar. Zelenskiy to‘g‘ri jon kuydirdi. Dunyo atrofda bo‘layotgan voqealarga bunaqa befarq bo‘lishi, hamma istagan ishini qilishi, insonlarning oddiy huquqlari bunchalik toptalishi to‘g‘ri emas. Menga nima, menga aloqasi yo‘q-ku, deyish kamida johillikdir. Omon bo‘ling.
Mavzuga oid
20:09 / 18.01.2026
Ukrainlar ayozda issiqliksiz qoldi, Tramp Eronga zarba bermadi - hafta dayjesti
16:48 / 11.01.2026
Texnika asrida «o‘rmon qonunlari» – hafta dayjesti
22:05 / 28.12.2025
Ukrainlarning bayram «tilagi», namoz o‘qiyotgan falastinlikka hujum – hafta dayjesti
15:09 / 21.12.2025