Assalomu alaykum. Bugun 25 yanvar, yakşanba. Amerikalik milliarder Donald Trampning benefisiga aylangan hafta ortda qolyapti. Hafta davomida mister Tramp Grenlandiyaga tahdidlarni davom ettirdi, keçagaça ajralmas ittifoqçi bölgan Yevropa va Amerikani deyarli duşmanga aylantirdi. Lekin Erondagi namoyişçilarga va’da qilgan yordamni körsatişga jur’ati yetmadi.

Şuningdek, hafta davomida aqldan ozayotgan dunyoda sobiq SSSR tarkibiga kirgan yana bir davlat öz xavfsizligidan xavotirga tuşib, qöşni davlat bilan birlaşiş haqida jiddiyroq öylay boşladi. Zelenskiy esa Rossiya kemalarini çöktiriş böyiça yevropaliklarga tavsiyalar berdi. Quyida hafta davomida dunyo siyosatida sodir bölgan şu va boşqa muhim voqealarni birgalikda eslaymiz.

«Grenlandiya bizniki», dedi Tramp

Demak amerikalik Tramp hafta davomida Daniyaga tegişli bölgan dunyodagi eng katta orol Grenlandiyaga nisbatan tahdidlarini davom ettirdi. Orol aholisi Amerikaga qöşilmasligini aytib namoyişga çiqqani, hatto uruşişga tayyorligini aytgani ham milliarderni fikridan qaytara olmadi.

Haftaning eng muhim uçraşuvi Şveytsariyaning Davos şahrida ötkazildi. An’anaviy iqtisodiy forumda Trampga ham söz berişdi. Uning aytişiça, Grenlandiya Amerikaga «mintaqa xavfsizligini ta’minlaş uçun» kerak ekan. Şuningdek, Amerika Ikkinçi jahon uruşidan keyin Daniyaga Grenlandiyani qaytargan ekan.

Şu yerda qofiya kelganda ma’noni bir çekkaga surib gapirib yuborgan Tramp tarixiy xatoga yöl qöydi. Çunki Grenlandiya heç qaçon Amerikaniki bölmagan. Ikkinçi jahon uruşi vaqtida Daniya nemislar orolni egallaşidan qörqib, u yerda amerikaliklar harbiy baza qurişi böyiça kelişuv imzolagan. Huquqiy jihatdan Grenlandiya 1933 yildan Daniyaga tegişli.

Tramp yevropaliklar oldida çiqiş qilib, AQŞ ular uçun qilgan işlarini minnat qildi. Orada Amerika qilmagan işlarni ham sanab ötdi, öşa gap, qofiya kelib qoldi. Keyin «şunça qilganimizdan keyin bittagina narsa sörayapman, bir parça muz», dedi. Qiziq zamonda yaşayapmiz, atrofga qarasangiz, hamma narsa zamonaviy, inson ongi rivojlangandek göyo, lekin Yevropadagi oriylar qatnaşadigan eng zör iqtisodiy forumda dunyodagi eng boy davlat vakili çiqadi-da, butun boşli mamlakat hududiy yaxlitligi haqida mazax qilib gapiradi.

Janob, siz viskiga solib içiş uçun bir parça muz sörayotganingiz yöq, siz bir parça muz deyotgan öşa sovuq ölkani minglab odamlar vatan tutgan, öz hayotini qurgan. Siz ulardan ota hovlisini, vatanini sotişni sörayapsiz. Bölmasa bosib olaman deyapsiz. Özidan kuçsizlarga bunaqa ödağaylaş aslo kuçlilar xususiyati emas. Kimdir atrofidagi hammaga tahdid qilyaptimi, u kuçli emas, şunçaki kuçli körinişga urinyapti. Ötgan asr örtasida ham bittasi butun Yevropaga tahdid qilib çiqqandi. Oxiri nima böldi? Hatto sudda turib javob berişga ham jur’ati yetmadi.