Avto | 07:43
2264
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda birinchi bor: Gemini asosidagi ilk elektromobil taqdim etildi

Volvo EX60 to‘liq elektromobilini namoyish qildi. Kompaniya uni o‘zining “eng aqlli” avtomobili sifatida taqdim etar ekan, asosiy urg‘uni - Google’ning Gemini sun’iy intellekti bilan chuqur integratsiyaga qaratdi. 

Volvo EX60 Foto: Volvo

Volvo’ning ta’kidlashicha, EX60 Gemini bilan ishlash uchun avvaldan loyihalangan birinchi Volvo bo‘ladi va haydovchi avtomobil bilan oddiy buyruqlar emas, tabiiy muloqot orqali ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Volvo ma’lumotiga ko‘ra, Gemini avtomobilda qo‘lsiz (hands-free) tarzda ishlaydigan yordamchi bo‘lib, ko‘p bosqichli vazifalarni ham suhbat shaklida bajara oladi. Masalan, haydovchi elektron pochtadagi mehmonxona bron qilish manzilini topishni so‘rashi, yoki markaziy ekranga qaramasdan turib turli vazifalarni bajarishi mumkin.

Kompaniya kelgusida Gemini’ni yanada chuqurroq integratsiya qilish rejasini ham aytgan: vaqt o‘tishi bilan SI avtomobil kameralari ko‘rayotgan manzaraga tayanib, atrof-muhit haqidagi savollarga javob berish darajasigacha kengaytirilishi mumkin.

EX60’ning texnologik asosi sifatida Volvo HuginCore deb atalgan markazlashgan hisoblash tizimini ko‘rsatadi. U avtomobilning elektr/elektronika arxitekturasi, zona kontrollerlari va softverini bir tizimga bog‘laydi va mashinani “software-defined car” (dastur orqali boshqariladigan avto) konsepsiyasiga yaqinlashtiradi.

Volvo’ga ko‘ra, EX60 hisoblash quvvati 250 trillion operatsiya/soniyadan oshadi va mashina har bir yurishda “o‘rganib boradi”: boshqa Volvo avtomobillari yig‘gan ma’lumotlar (yo‘l hodisalari, xavfli holatlar va h.k.) asosida xavfsizlik tizimlari doimiy takomillashib borishi ko‘zda tutilgan.

Reuters xabar berishicha, EX60 — Volvo’ning o‘rta o‘lchamli to‘liq elektr SUV’i bo‘lib, u Yevropada yozda bozorga chiqishi, keyinroq AQShda ham sotuvga chiqishi kutilmoqda.

Volvo o‘z axborotida (oldingi e’lon qilingan ma’lumotlarga ishora qilib) EX60 ayrim konfiguratsiyada bir zaryadda 810 kmgacha yura olishi va 400 kVt tez zaryadlash quvvatida 10 daqiqada 340 kmgacha yurish zaxirasini qo‘shishi mumkinligini aytadi (ko‘rsatkichlar WLTP asosida).

Shu bilan birga, ixtisoslashgan avtonashrlar model versiyalariga qarab WLTP bo‘yicha 620 km atrofidagi ko‘rsatkichlar ham keltirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid