Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaning “yashirin flot”ga mansub kema kapitani Fransiyada hibsga olindi
Murmanskdan yo‘lga chiqqan va O‘rta Yer dengizida ushlangan Grinch tankeri sanksiyalarni chetlab o‘tib, neft mahsulotlarini Xitoy va Hindistonga eksport qilgan, deb xabar beradi BFMTV. Kema ekipajining barcha a’zolari, kapitan ham, Hindiston fuqarolaridir.
Avvalroq ushlangan, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan Grinch tankeri kapitani Fransiyada hibsga olindi. Bu haqda yakshanba, 25 yanvar kuni Fransiya OAV Marsel prokuraturasiga tayanilgan holda xabar qildi. Aytilishicha, gap 58 yoshli Hindiston fuqarosi haqida ketmoqda.
Hozirda kema Fransiya janubida, Marsel yaqinidagi portda qo‘riq ostida turibdi, qolgan ekipaj a’zolari — ular ham hindistonliklar — kemaning o‘zida ushlab turilmoqda. Ular so‘roq qilinishi kutilmoqda.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning “yashirin flot”ga mansublikda gumon qilinayotgan tanker Murmanskdan kelayotgan bo‘lgan. Hozir kemaning hujjatlari hamda u qaysi bayroq ostida harakatlangani haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi tekshirilmoqda. BFMTV yozishicha, Grinch Komor orollarining soxta bayrog‘i ostida harakatlangan.
Fransiya telekanali ma’lumotiga ko‘ra, kema RFning “yashirin flot” tarkibiga kiradi va asosan neft mahsulotlarini Xitoy va Hindistonga eksport qilish bilan shug‘ullangan. BFMTV shuningdek Grinch Buyuk Britaniya sanksiya ro‘yxatiga kiritilganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, tanker YeI va AQSh sanksiyalari ostida ham bor, ammo ularning “qora ro‘yxat”ida u boshqa nomlar bilan qayd etilgani aytiladi.
22 yanvar kuni O‘rta Yer dengizida Grinch tankeri ushlanganidan so‘ng, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron operatsiyani o‘tkazishda Fransiyani bir nechta ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya qo‘llab-quvvatlaganini bildirdi. U shuningdek, kema xalqaro sanksiyalar ostida ekani va ehtimol, soxta bayroq ostida harakatlanganini qayd etdi.
Rossiyaning “yashirin flot” asosan eski kemalardan iborat bo‘lib, ular G‘arbning sug‘urta va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlaridan tashqarida ishlatiladi. Ular yordamida RF Ukrainaga qarshi qurolli bosqindan keyin joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tadi. Neft sotishdan tushgan daromadlar, shu jumladan Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlarga arzonlashtirilgan narxlarda sotishdan kelgan mablag‘lar, urushni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Mavzuga oid
08:40 / 06.06.2026
Kremlda Putin va Shryoder o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
22:29 / 05.06.2026
Rossiya yana urushni tanladi - Zelenskiy Putinga javob berdi
20:55 / 05.06.2026
Rossiya mintaqadagi shunchaki qo‘shni emas, vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik va ittifoqchi - Shavkat Mirziyoyev
20:34 / 05.06.2026