Jamiyat | 12:35
2124
2 daqiqa o‘qiladi

35 million so‘mlik gaz qarzi sudda asossiz deb topildi

Jizzaxda fuqaroga nisbatan qo‘yilgan “noqonuniy gazga ulanish” ayblovi sudda o‘z tasdig‘ini topmadi va asossiz deb e’tirof etildi. Gaz idorasi qonun talablarini qo‘pol ravishda buzib, iste’molchini 35 million so‘m qarzdor qilib qo‘ygani aniqlandi.

Foto: Hududgaz Jizzax

Ma’lum bo‘lishicha, “Hududgaz Jizzax”ning Sharof Rashidov tuman bo‘limi xodimi tomonidan fuqaro Sh.Q.ga nisbatan tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanganlik holati yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan va 35 million 16 ming so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblangan.

Jizzax tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi tomonidan mazkur dalolatnoma tuzilishida qonun talablari qo‘pol ravishda buzilgan, deb topildi. Xususan, dalolatnoma iste’molchi ishtirokisiz, uning imzosisiz hamda xoliclar jalb etilmagan holda rasmiylashtirilgan.

Sud Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga tayanib, bunday holatlarda dalolatnoma vakolatli xodimlar va iste’molchi ishtirokida, belgilangan tartibda tuzilishi shartligini qayd etdi. Mazkur ishda esa ushbu talablar bajarilmagan.

Shuningdek, sud tomonidan fuqaroning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligiga oid holat mavjud emasligi ham aniqlangan.

Natijada sud “Hududgaz Jizzax” tomonidan tuzilgan dalolatnomani haqiqiy emas deb topdi hamda 35 million so‘m miqdorida hisoblangan qarzdorlikni bekor qildi. Shu bilan birga, gaz ta’minoti tashkilotining tuman bo‘limi zimmasiga iste’molchi bo‘yicha qayta hisob-kitob qilish majburiyati yuklatildi.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов

Mavzuga oid