Jamiyat | 20:52 / 28.01.2026
11099
8 daqiqa o‘qiladi

“U yaxshi niyatining qurboni bo‘ldi” - Durdona Hakimova fojiasi haqida

Istanbulda 37 yoshli o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning vahshiylarcha o‘ldirilishi Turkiya jamoatchiligida norozilik namoyishlariga, o‘zbek segmentida esa qurbonni ayblashga sabab bo‘ldi. Marhuma bilan ko‘p yillar hamkorlik qilgan Murat Baskan esa bu gaplarni yolg‘on deb, tarqalayotgan «ishqiy munosabat» haqidagi iddaolarni keskin rad etdi.

Istanbulda 37 yoshli o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi Shishli tumanidagi chiqindi qutisidan topildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy gumonlanuvchi D.T. marhum bilan yaqin munosabatda bo‘lib, ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan va D.T. uni to‘rt marta pichoq bilan jarohatlagan. Jasaddan qutulish uchun u tanishidan yordam olgan va jasadni bo‘laklarga ajratib, chiqindi qutilariga tashlagan. Tergovda ishtirok etayotgan uchinchi shaxs — taksi haydovchisi ham gumonlanuvchilar harakatlarini bilgan yoki bilmaganligi aniqlanmoqda.

Marhumning o‘ldirilishi Istanbul va Anqarada norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Turk ayollari bir o‘zbek ayolining hayoti uchun «Migrant ayollar yolg‘iz emas», «Ayollar hayoti muhim» degan shiorlar bilan adolat va qat’iy jazo talab qilib ko‘chaga chiqishdi. Huquq himoyachilari bu fojiani migrant ayollarni himoya qilishdagi tizimli bo‘shliqlar bilan izohlashdi.

Ammo shu paytda, o‘zbek ijtimoiy tarmoq segmentida mutlaqo boshqa manzara kuzatildi: jinoyatchi emas, qurbon muhokama qilindi. Ayrimlar ayolning o‘limida uning o‘zini ayblab, zo‘ravonlikni oqlashga urinishdi. Bu esa jamiyatda hali ham jabrlanuvchini ayblashga moyil ong ustuvor ekanini yaqqol ko‘rsatdi.

Turkiyada Durdona Hakimova bilan 7 yildan buyon hamkorlikda ishlab kelgan Murat Baskan ismli shaxs o‘z ijtimoiy sahifasida bu gaplar mutlaqo yolg‘on ekanligini aytdi:

“Durdonaning vahshiylarcha o‘ldirilishi va odamlarning unga nisbatan bilib-bilmasdan aytayotgan fikrlari sabab men do‘stim, yaqinim bo‘lgan ayol haqida gapirishga majbur bo‘ldim. U bilan 7 yildan beri do‘st edik. Durdonaning Emeno‘ni Marjanda ovchilik va sport anjomlari  sotadigan firmasi bor edi. 17-18 yoshli ikki qizlari bor, Istanbulda litseyda o‘qishadi. Juda muloyim, tarbiyali inson edi. U bunday o‘limga munosib emasdi. Xabarni eshitishim bilan uning turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qildim, javob bermadi. Keyin bildimki bu xabar rost.

Durdonaning qotillari bo‘lgan 2 nafar o‘zbekistonlikni uning sevgilisi deyishyapti, ammo unday emas. Biz Durdona bilan tijorat yuzasidan Moskva, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarda bo‘ldik. Shu jarayonlarda Durdonaning vatandoshlari bilan tanishdik, ya’ni qotillar bilan. Ular viza qoidalarini buzgani uchun oilasi bilan deport bo‘lgan ekan. Qaytganimizdan keyin u menga o‘sha vatandoshlari ish topib berishni so‘rayotganini aytdi va ular Turkiyaga kelishdi. Durdona ularga ijaraga uy, qassob tanishlari bilan gaplashib ish topib berdi. Bu sharafsizlar uni o‘ldirgandan keyin “biz sevishardik, menga xiyonat qilgani uchun o‘ldirdim” deb qotillikdan ham battar tuban ish qilishdi. Aslo u inson sevgilisi emasdi. Qotilning onasi orqali tanish edi ular, onasi undan ish topib berishni iltimos qilgandi.

Durdonaning malak kabi qalbi bor edi. Qizlarining kelajagi uchun halol mehnat qilayotgan edi. Hayotda har narsaning chegarasi bo‘lishi kerak ekan, u shunday ayol ediki, birov besh tanga so‘rasa olti tanga berardi. Biz birga hamkorlikda ishladik, biror narsaga pul kerak desam nimaga deb so‘rab o‘tirmasdi. Marhamatning ham chegarasi bo‘lishi kerak ekan, u yaxshi niyatining qurboni bo‘ldi”, deydi u.

 

Turkiyada istiqomat qiluvchi erkin jurnalist Sitora Alixonzoda shunday yozadi: “Ayollarning bu darajada xor bo‘lib, bevaqt va beshavqat o‘lim topishida, ularga nisbatan zo‘ravonlikning tobora ortib borishida har safar jabrlanuvchi, qurbon qolib, jinoyatchi, qotil erkakni «tushunadigan», oqlaydigan va ruhlantiradigan jamoaviy ongning hissasi katta ekanini tan olish vaqti allaqachon kelgan. Hatto kech qolingan. Men bugun shu mavzu bilan bog‘liq xabarlarni o‘qib turib, turk millatiga mansub internet foydalanuvchisining yozganlariga ko‘zim tushdi. Uning mulohazalarini o‘zbekchaga tarjima qilishni lozim topdim. Zora, o‘sha g‘aflatdagi zehniyatlarga bir o‘zbek ayoli uchun yozganlari yetib borib, vijdonini uyg‘otsa.

 

Durdona Hakimovaning o‘limi bizga ayollarning, ayniqsa, muhojir xotin-qizlarning qanchalik himoyasiz qoldirilayotganining navbatdagi isbotidir.

Bu – siz ko‘rmaydigan, eshitmaydigan, himoya qilmaydigan hayotlarning ayanchli oqibatidir. Agar inson jasadi chiqindilarga tashlanishi mumkin bo‘lsa, u yerda faqat bir qotil yo‘q. U yerda mas’uliyatsizlik, beparvolik, sukut va jamiyatning ko‘r vijdoni bor.

Ayollar hamma joyda - ko‘chada, uyda, ish joyida zo‘ravonlik va tahdid ostida ekanini aytganimizda ensa qotiradigan, o‘zimizni ayblaydigan yoki vaziyatni ko‘ra bila turib, kar-soqovga aylanib oladigan har kim bu tizimning bir qismi hisoblanadi. Biz endi bu tizimni qabul qilmaymiz.

Davlat, jamiyat va qonun o‘z vazifasini bajarishi kerak.

Agar Durdona Hakimovaning ismi unutilsa, ertaga bu satrlarga boshqa bir ayolning ismi yoziladi. Biz bunga rozi emasmiz. Aybdorlar eng og‘ir jazoga tortilishi shart! Ayollarning yashash huquqi savdolashuv mavzusi bo‘lmasin. Biz bu jinoyatni unutmaymiz. Unuttirmaymiz. Voz kechmaymiz!".

Istanbul va Anqaradagi namoyishlardan so‘ng huquq himoyachilari qat’iy yondoshuvni talab qilmoqda: barcha aybdorlar qonuniy tartibda og‘ir jazoga tortilsin, migrant ayollarning xavfsizligini ta’minlash tizimli choralar orqali rivojlantirilsin.

Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonasi mazkur holatni nazoratga olgan. Konsullik tomonidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan aloqa o‘rnatilgani, ishning xolis va qonun doirasida ko‘rib chiqilishi yuzasidan tegishli murojaatlar qilingani ma’lum qilindi.

Shuningdek, diplomatik vakolatxona marhumaning yaqinlariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Tergov jarayoni va sud ishlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar olinishi bilan jamoatchilikka yetkazilishi aytilmoqda. Turkiya qonunchiligiga binoan qasddan odam o‘ldirish eng og‘ir jinoyat bo‘lib, bunday shaxslarga umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Agar tergov davomida jinoyatning o‘ta shafqatsiz usulda va oldindan rejalashtirilgani isbotlansa, Turkiya qonunchiligiga ko‘ra asosiy gumonlanuvchilarga og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 268 mingga yaqin o‘zbekistonlik ayollar turli davlatlarda mehnat migratsiyasida bo‘lib, ularning xavfsizligi dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова

Mavzuga oid