Iqtisodiyot | 09:10
565
2 daqiqa o‘qiladi

Xizmatlar bozorida katta o‘sish: ijara, savdo va ko‘chmas mulkda faollik

2025 yilda O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 1,05 kvadrillion so‘mni tashkil etdi. Yil davomida xizmatlar sektorida barqaror o‘sish kuzatilib, ayniqsa ijara, savdo va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlarda faollik sezilarli oshgani qayd etildi.

Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat turlari bo‘yicha o‘sish sur’atlari quyidagicha shakllangan:

  • moliyaviy xizmatlar — 124,6 foiz;
  • aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 122,7 foiz;
  • ijara xizmatlari — 119,1 foiz;
  • savdo xizmatlari — 113,8 foiz;
  • me’morchilik, muhandislik sohasidagi xizmatlar — 113,5 foiz;
  • ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 113,1 foiz;
  • sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 114,2 foiz;
  • boshqa xizmatlar — 112,8 foiz;
  • kompyuter va maishiy tovarlarni ta’mirlash — 112,3 foiz;
  • shaxsiy xizmatlar — 112,3 foiz;
  • transport xizmatlari — 110,8 foiz;
  • yashash va ovqatlanish xizmatlari — 110,4 foiz;
  • ta’lim sohasidagi xizmatlar — 110,4 foiz.

Ijara xizmatlarining 119,1 foizga o‘sishi biznes va aholi tomonidan mulkdan foydalanish, ofis va savdo maydonlari, logistika hamda maishiy ehtiyojlar uchun ijaraga bo‘lgan talab ortgani bilan izohlanishi mumkin. Shuningdek, savdo xizmatlarida 113,8 foizlik o‘sish ichki bozorda aylanma va xizmat ko‘rsatish zanjirlarining kengayishi, chakana savdo faolligi oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli bor.

Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar (113,1 foiz)dagi o‘sish esa ko‘chmas mulk bozoridagi harakatchanlik, rieltorlik, boshqaruv, baholash, yuridik hamrohlik kabi qo‘shimcha xizmatlarga ehtiyoj ortganini ko‘rsatadi. Ushbu yo‘nalishlardagi faollik xizmatlar bozorining umumiy o‘sishida muhim “drayver” sifatida ko‘rinayotgani ta’kidlanmoqda.

Shu bilan birga, yil davomida moliyaviy (124,6 foiz) hamda aloqa va axborotlashtirish (122,7 foiz) xizmatlari eng yuqori sur’atlar bilan o‘sgan. Bu tendensiya raqamlashtirish jarayonlari, onlayn xizmatlar ko‘lami va moliyaviy infratuzilmaning kengayishi xizmatlar sektoridagi o‘zgarishlarni tezlashtirayotganini anglatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid