Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya IIV: politsiyada kadrlar yetishmovchiligi 40 foizgacha yetmoqda
Rossiya Ichki ishlar vazirligi har kuni ishdan bo‘shashlar sabab xodimlarini yo‘qotmoqda, ayrim bo‘linmalarda kadrlar tanqisligi 40 foizgacha yetgan. Bu haqda Rossiya Davlat dumasida chorshanba, 28 yanvar kuni IIV rahbari o‘rinbosari Igor Zubov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, politsiyada xizmat nufuzi pasaygan, bozor sharoitida maosh va ijtimoiy kafolatlar xodimlar kutgan darajaga to‘g‘ri kelmayapti. Zubov ta’kidlashicha, yangi kadrlar oqimi mavjud bo‘shliqni qoplamayapti.
U, shuningdek, hokimiyat IIV xodimlari maoshini oshirishni rejalashtirayotganini, ammo bu “katta bo‘lmasligi”ni bildirdi.
Rossiya IIVda kadrlar yetishmasligi muammosi ilk bor ko‘tarilayotgani yo‘q. 2025 yil mart oyida vazir Vladimir Kolokolsev 170 ming nafardan ortiq xodim yetishmayotganini aytgan.
IIV taqdimotiga ko‘ra, o‘sha paytda attestatsiyadan o‘tgan tarkibdagi yetishmovchilik quyidagicha bo‘lgan: jinoyat qidiruvida — 23,9 foiz, patrul-post xizmatida — 31,4 foiz, giyohvand moddalar muomalasini nazorat qiluvchi bo‘linmalarda — 24,7 foiz, dastlabki tergov organlarida — 22,7 foiz.
Kolokolsev 2024 yil davomida tajribali politsiya xodimlarining qariyb yarmi xizmatdan ketganini ham bildirgan.
IIV vaziri so‘zlariga ko‘ra, ishdan ketganlar orasida bo‘linma boshliqlari ham bo‘lgan — ular qo‘l ostidagilarga tegishli ta’tillarni bermagani, bu esa jamoada keskinlikning oshishiga olib kelgani ta’kidlangan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin qatnashgan IIV hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida Kolokolsev umumiy kadrlar tanqisligini 172 ming kishi deb baholagan. O‘shanda Putin IIV xodimlarining pul ta’minotini yaxshilash, jumladan politsiyachilarni uy-joy bilan ta’minlashni topshirgan.
Politsiya xodimlari kasaba uyushmasi rahbari Mixail Pashkin esa vazir o‘rinbosari so‘zlarini NSN agentligiga izohlar ekan, ommaviy ketishga faqat maosh pastligi emas, balki rahbarlar tomonidan tahqirlovchi munosabat ham sabab bo‘layotganini aytgan.
Pashkin ayrim bo‘linmalarda kadrlar tanqisligi 40 foizgacha yetayotganini tasdiqladi, ammo tez orada bu ko‘rsatkich 50 foizga ham chiqishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. “Normal rahbarlar bo‘lsa, odamlar past maoshda ham ketmaydi. Lekin tizim normal rahbarlarni haydaydi, chunki ular reja ko‘rsatkichlarini bajarmaydi: buning uchun xodimlarni mukofotdan mahrum qilish kerak bo‘ladi, ular esa bunday qilmaydi. Tizim, aslida, o‘zini o‘zi yo‘q qilyapti”, — dedi u.
Ommaviy ishdan ketishlarga qaramay, Rossiya aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan politsiyachilar soni bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2024 yilda 100 ming aholiga 643 nafar IIV xodimi to‘g‘ri kelgan.
Taqqoslash uchun: AQShda bu ko‘rsatkich 256, Xitoyda 120, Hindistonda 128, YeI mamlakatlarida esa o‘rtacha taxminan 335 politsiyachi 100 ming aholiga to‘g‘ri keladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, IIVning eng yuqori shtat soni 2025 yilda 938 ming kishi bo‘lishi kerak edi (2023 yilda 922 ming edi). “GorodRabot” servisi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 2025 yil davomida politsiyachining o‘rtacha maoshi 50 ming rubldan biroz yuqori, Moskvada o‘rtacha 88,5 ming rubl, Sankt-Peterburgda — 72,7 ming rubl.
Mavzuga oid
09:02 / 20.06.2026
Netanyahu Trampga bosim o‘tkazishi mumkin - AQSh razvedkasi
22:39 / 19.06.2026
Tushunarsiz kelishuv: Tehron uni «Amerika ustidan g‘alaba» deb talqin qilmoqda
21:38 / 19.06.2026
AQSh va Eron o‘rtasida Shveytsariyadagi muzokaralar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi
20:51 / 19.06.2026