Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berlin ballistikaga qarshi yangi sun’iy yo‘ldosh dasturini boshlamoqda
Ukrainaga qarshi Rossiya agressiyasi fonida Germaniya Yevropada birinchi bo‘lib ballistik raketalarni kuzatish uchun sun’iy yo‘ldoshlar tizimini barpo etmoqchi, deb ma’lum qildi nemis general-mayori Mixael Traut.
Foto: Roscosmos space corporation/AP/dpa/picture alliance
Yevropaning mudofaa masalalarida AQShga qaramlikni kamaytirishga intilishi fonida Germaniya Yevropa davlatlari orasida birinchi bo‘lib raketalarni aniqlash uchun sun’iy yo‘ldosh tizimiga tayanch bo‘ladigan o‘z infratuzilmasini yaratish niyatida. Bu haqda Bundesverning Kosmik kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Mixael Traut 29 yanvar, payshanba kuni chop etilgan Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasiga bergan intervyusida bildirdi. “Yevropa kosmik kuchlar va vositalarning deyarli barcha jihatlarida AQShga bog‘liq. Raketalarni aniqlash va ularni tutib qolish uchun suveren nemis va yevropacha usullarni yaratishga o‘ta katta ehtiyoj bor”, — dedi Traut.
O‘z sun’iy yo‘ldosh tizimini yaratish zarurati Rossiyaning uzoq masofaga uchuvchi “Oreshnik” ballistik raketasi paydo bo‘lishi bilan bog‘liq: u allaqachon ikki marta Ukrainaga zarba berishda qo‘llangan va uni tutib qolish juda qiyin deb hisoblanadi. FT yozishicha, bu holat Yevropa uchun raketa uchirilishlarini aniqlash sohasidagi zaiflikni ochiq ko‘rsatib bergan. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius “bizga 2029 yilga borib urushga tayyor bo‘lish haqida buyruq berdi, ammo kosmosda kerak bo‘lsa, biz hozirning o‘zida jang qilishga tayyor bo‘lishimiz shart”, — dedi Traut.
Ukrainada davom etayotgan Rossiya harbiy agressiyasi tufayli Yevropada raketa tahdidi kuchayib borayotgani raketalar uchirilishini kuzatishni “operativ ustuvor vazifa”ga aylantirmoqda. Shuning uchun Germaniya “hozir raketalarni aniqlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh tizimining o‘zagini yaratish”ni rejalashtirmoqda. Loyiha milliy xarakterga ega bo‘lishi kutilmoqda, “lekin, albatta, yevropacha hamkorlik uchun ochiq”, — deya qo‘shimcha qildi general-mayor Mixael Traut.
Yevropa kosmik agentligi (ESA) bosh direktori Yozef Ashbaxer FT’ga bergan izohida Berlin boshlagan dasturda ishtirok etish bo‘yicha muzokaralar allaqachon ketayotganini aytdi. Shu paytgacha ESA faqat tinch maqsadlarda kosmosni o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan, ammo o‘tgan yili uning a’zolari — YeI davlatlaridan tashqari Buyuk Britaniya, Norvegiya va Kanada ham kirgan holda — birinchi marta ikki xil maqsadga (ya’ni ham fuqarolik, ham harbiy) xizmat qilishi mumkin bo‘lgan dasturni moliyalashtirishga kelishib olgan.
“Biz Germaniya bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazyapmiz va ularning kuch hamda vositalarini Yevropa infratuzilmasi doirasida birlashtiradigan tizimli arxitektura yaratish imkoniyatini muhokama qilyapmiz”, — dedi Ashbaxer kosmosdan raketalarni kuzatish dasturi haqida.
Hozirda Yevropa davlatlari hali ham AQSh tomonidan NATO orqali taqdim etiladigan umumiy kosmik ogohlantirish tizimiga tayanadi, jumladan uzoq masofali raketalar uchirilishini aniqlashda ham. Biroq AQSh prezidenti Donald Trampning NATOga nisbatan oldindan aytib bo‘lmaydigan pozitsiyasi va uning yaqinda Grenlandiyani anneksiya qilish haqida bildirgan tahdidlari Yevropa davlatlarini xavotirga solib, mudofaa sohasida kattaroq avtonomiya talablarini tezlashtirdi.
O‘tgan yili Germaniya 2030 yilga qadar harbiy-kosmik texnologiyalarga 35 mlrd yevro sarmoya kiritish niyatini e’lon qildi va shu tariqa bunday sarmoyalar hajmi bo‘yicha jahon yetakchilari qatoriga kirishni ko‘zlamoqda. Shuningdek, Financial Times eslatishicha, Berlin Yevropaning yer ustidagi havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaasini mustahkamlash uchun “Osmon qalqoni” (Sky Shield) tashabbusini amalga oshirishni boshlagan.