Iqtisodiyot | 23:04 / 30.01.2026
1975
7 daqiqa o‘qiladi

Geosiyosiy beqarorlik, Tramp va dollar. Oltin bilan nimalar bo‘lyapti?

Xalqaro tartibot shu darajada zaiflashdiki bir davlatning boshqa bir mustaqil mamlakat hududiy yaxlitligiga qilayotgan tajavvuzlariga na hayrat bor, na xavotir. Yillar davomida shakllangan qoidalar o‘rnini xaos egalladi. Endi hamma narsa mumkindek. Kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashgan bir sharoitda oltin narxi 5600 dollarga yaqinlashdi. Ayni paytda narxlar sezilarli barqarorlashdi, ammo qimmatbaho metall yanvar oyini keskin o‘sish bilan yakunlashga yaqin turibdi. Xo‘sh, oltin bahosi nimalarning hisobiga oshib ketti?

Oltin ming yillardan buyon boylik, iqtisodiy qudrat ramzi bo‘lib keladi. Tilla ilinjida odamlar dunyoning eng uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlarini ham zabt etgan, qanchadan qancha qonli urushlar yuz bergan. Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida ham ushbu qimmatbaho metall jahon moliyaviy tizimida o‘zining kuchli ta’sirini saqlab qolyapti. Xususan, so‘nggi yillarda oltin bahosi karrasiga qimmatlashdi. 2026 yilning boshiga kelib esa narxlar oshishi yanada tezlashdi. Xo‘sh, bunga qaysi omillar ta’sir qilyapti?

Geosiyosiy beqarorlik. Geosiyosiy vaziyatning yomonlashishi yoki iqtisodiy beqarorlik, masalan, urushlar, siyosiy yoki moliyaviy inqirozlar oltin narxini oshiradi. Oltin ko‘pincha "xavfsizlik yostiqchasi” sifatida ko‘riladi, shuning uchun beqaror davrlarda unga talab ortadi. Ukrainadagi urush qariyb 4 yildan beri davom etyapti va haligacha yechim topilmayotgani investorlar ongida xavotirlarni kuchaytirib, ularni riskli aktivlardan chekinishga undaydi. Yaqin Sharqdagi vaziyat ham 2023 yil oxirida nihoyatda keskinlashdi. Xususan, Isroil va Falastin o‘rtasidagi qurolli mojaro hamda Eronda kuzatilgan notinchliklar mintaqaviy tanglikka sabab bo‘lyapti. 2026 yil boshlarida esa AQSh va Eron o‘rtasida keskinlik yanada jiddiylashdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga kuch ishlatish bilan ochiqcha tahdid qilyapti. Ushbu bayonotlar fonida tilla bahosi har unsiya uchun 5500 dollarlik nuqtani ham zabt etdi. Sodda qilib aytganda, kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashsa, investorlar uchun oltin asosiy aktivga aylanadi va unga pul tikish ko‘payadi.

Dollar kursi va FZT siyosati. Oltin narxi o‘sishning yana bir asosiy drayveri Amerika valutasining keskin zaiflashuvi bo‘ldi. Dollar indeksi so‘nggi to‘rt yillik eng minimum darajaga tushdi. Bozorlar Trampning ritorikasiga munosabat bildirishyapti. U Amerika eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun kuchsiz dollarga toqat qilish kerakligiga ochiqcha ishoralar qilgandi. Bu investorlarning AQSh valutasiga jamg‘arma vositasi sifatida bo‘lgan ishonchini pasaytirdi.

Shuningdek, AQSh Markaziy banki – Federal zaxira tizimi olib boradigan siyosat ham narxlarga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. 2022–2023 yillarda FZT yuqori inflatsiyani jilovlash maqsadida foiz stavkalarini oshirgandi. Biroq 2024 yil va undan keyingi davrda AQSh iqtisodiyotida o‘sishning sekinlashuvi va moliyaviy bozorlar beqarorligi kuzatilib, bu yo‘nalish o‘zgara boshladi. Masalan, yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavka o‘zgarishsiz saqlab qolindi va uni kelgusida pasaytirish ehtimoli muhokama qilindi. Bunda investorlar kam daromad keltiradigan qimmatli qog‘ozlarni xarid qilishdan ko‘ra, xavfsiz va inflatsiya ta’siridan himoyalangan oltin xarid qilishga ko‘proq urg‘u bera boshlaydi.

 Shuningdek, AQSh siyosiy sahnasidagi hodisalar ham FZT siyosatiga ta’sir ko‘rsatib, oltin narxini bilvosita qo‘llab-quvvatladi. Masalan, Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik davrida FZT raisi Jyerom Pauellga bosim o‘tkazib, foiz stavkalarini tezroq pasaytirishni talab qildi. Hatto Tramp ma’muriyati Pauellga nisbatan tergov harakatlarini boshlab, Markaziy bank mustaqilligiga raxna soluvchi bayonotlari bilan bozorlarni larzaga keltirdi.

Talabning oshishi. Yirik Markaziy banklar tomonidan oltin zaxiralarini oshirish yoki kamaytirish bo‘yicha qarorlar ham narxga ta’sir qiladi. Regulyatorlar uchun oltinning asosiy rollaridan biri o‘z zaxirasini diversifikatsiya qilishdir. Juda ko‘p holatlarda oltin AQSh dollari bilan teskari munosabatda bo‘ladi. Ya’ni dollar qiymati pasayganda, oltin odatda ko‘tariladi, bu markaziy banklarga bozor o‘zgaruvchanligi davrida o‘z zaxiralarini himoya qilish imkonini beradi. Oxirgi paytlarda xalqaro geosiyosiy jarayonlardagi keskinlik oshishi va jahon iqtisodiyotidagi retsessiya xavfi oltin xarid qilish hajmi oshishiga ta’sir o‘tkazyapti. Agar asosiy aktivlardan biri zaiflashsa, boshqasi kuchli bo‘lib qolishi kerak. Zaxiralarini oltin bilan diversifikatsiya qilish orqali markaziy banklar notinch vaqtlarda o‘z mamlakatlarining iqtisodiy institutlarini qo‘llab-quvvatlashga yaxshiroq tayyor bo‘lishadi.

Oltin narxining O‘zbekistonga ta’siri

Bir necha kun oldin Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni yangiladi. 1 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro aktivlari 66,3 mlrd dollargacha oshdi. Bu mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. Zaxiralarning 55 mlrd dollari yoki 83 foiz qismi aynan oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning 1 yanvar holatida xalqaro aktivlar 41,2 mlrd dollar, uning tarkibida oltinning ulushi 32 mlrd dollar bo‘lgan. Ya’ni narxlarning qimmatlashishi hisobiga O‘zbekistonning oltin aktivlari 1 yil ichida 72 foizga yoki 23 mlrd dollarga ko‘paydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Xususan, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2023 yilda esa 8,2 mlrd dollarlik, 2024 yilda 7,5 mlrd dollarlik oltin sotilgan. 2025 yilda bu 9,9 mlrd dollargacha oshdi. 

Agar yil davomida oltinning o‘rtacha narxi unsiyasi uchun 5500 dollarni tashkil etgan taqdirda O‘zbekiston 2026 yilda 20,8 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksportini amalga oshirishi mumkin. Shu jihatdan narxlarning qimmatlashishi bevosita mamlakat budjet daromadlari va valuta kursining barqarorlashishiga katta ta’sir o‘tkazadi.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров

Mavzuga oid