Jahon | 15:42
922
5 daqiqa o‘qiladi

ICE'ga qarshi noroziliklar: AQShda ikki jurnalist hibsga olindi

Jurnalistlar himoyasi bo‘yicha qo‘mita ta’kidlashicha, CNN sobiq boshlovchisi Don Lemon va mustaqil jurnalist Jorjiya Fortni hibsga olish haqidagi qaror “AQShda matbuotga qarshi hujumlarning jiddiy kuchayganini” ko‘rsatadi.

Don Lemon Foto: NDZ/STAR MAX/IPx

Don Lemon — CNN telekanali sobiq boshlovchisi va mustaqil jurnalist Jorjiya Fort AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE)ga qarshi norozilik aksiyalari haqidagi reportajlar bilan bog‘liq ravishda Minnesotada hibsga olindi, ularga og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik ayblovi qo‘yilgan. Bu haqda Jurnalistlar himoyasi bo‘yicha qo‘mita juma kuni, 30 yanvarda xabar qildi.

Qo‘mita bayonotida, bu qaror “AQShda matbuotga qarshi hujumlarning jiddiy eskalatsiyasi”dan dalolat berishi aytilgan.

AQSh Kongressi Vakillar palatasidagi demokratik ozchilik rahbari Xakim Jyeffris esa Donald Trampni huquqni muhofaza qiluvchi organlarni “jurnalistlarga qarshi qurol” sifatida ishlatayotganlikda aybladi.

AQSh adliya vaziri — bosh prokuror Pem Bondi hibslarni shunday izohladi: go‘yoki Lemon va boshqa faollar 18 yanvar kuni Minnesotadagi bir cherkovga “muvofiqlashtirilgan hujum” qilgan.

Donald Tramp esa avvalroq, mahalliy Immigratsiya va bojxona xizmati bo‘limiga rahbarlik qiladigan ruhoniy xizmat qiladigan ibodatxonadagi xizmat go‘yoki professional qo‘zg‘atuvchilar va isyonchilar tomonidan buzilgan, degan fikrni bildirgan. Videoyozuvlarda namoyishchilar cherkov ichida “ICE, ketinglar!” deb baqirayotgani ko‘rinadi.

Shu orada, AQSh Adliya vazirligi Aleks Prettining Minneapolisda halok bo‘lish holatlari yuzasidan tergov boshladi. Adliya vaziri o‘rinbosari Todd Blansh matbuot anjumanida vazirlikning fuqarolik huquqlari bo‘limi Federal tergov byurosi bilan birga federal xizmatchilar fuqarolik huquqlarini buzgan-buzmaganini tekshirayotganini tasdiqladi. Ular AQSh fuqarolarini kuch ishlatishning mutanosib bo‘lmagan qo‘llanishidan himoya qiladi.

30 yanvar kuni Minneapolisda ICE harakatlariga qarshi yana ko‘p ming kishilik norozilik aksiyasi o‘tkazildi. Unda, jumladan, mashhur rok xonanda Bryus Springstin ham qatnashib, Streets of Minneapolis (“Minneapolis ko‘chalari”) nomli yangi qo‘shig‘ini ijro etgan. U qo‘shiq federal agentlar qo‘lidan ikki amerikalik fuqaro halok bo‘lganidan keyin yozilgani aytilmoqda.

37 yoshli, veteranlar uchun mo‘ljallangan shifoxonaning reanimatsiya (intensiv terapiya) bo‘limida ishlagan Aleks Pretti 24 yanvar kuni Minneapolis chetida migrantlarni deportatsiya qilish uchun ushlash reydi vaqtida halok bo‘lgan.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi avval boshda Pretti qurollangan bo‘lgani, agentlar esa “o‘zini himoya qilish maqsadida” o‘q uzganini bildirgan. Biroq guvohlar, mahalliy amaldorlar va qurbonning oilasi bu versiyaga e’tiroz bildirib, uning qo‘lida qurol emas, telefon bo‘lganini aytgan. Hodisa joyidan olingan videokadrlar ham Pretti qarshilik ko‘rsatmaganini va o‘q uzilgan paytda yerda yotganini ko‘rsatadi.

Prettining o‘ldirilishi ortidan paydo bo‘lgan qattiq norozilik to‘lqinidan keyin Donald Tramp voqea yuzasidan “halol va munosib tergov” o‘tkazilishini e’lon qildi. AQSh Kongressi allaqachon hodisa bo‘yicha dastlabki ichki tergov yakunlariga doir hisobotni olgan. Unda Pretti ushlash paytida qurolga qo‘l uzatgani haqida hech qanday qayd yo‘q — bu esa Tramp ma’muriyatining dastlabki bayonotlariga zid.

Minnesotaga Tramp ma’muriyati boshlagan “immigratsiya qonunchiligiga rioya etilishini kuchaytirish” siyosati doirasida minglab federal xodimlar yuborilgan. Ular migrantlarga qarshi qattiq reydlar o‘tkazmoqda.

Prettining o‘limi Minneapolisda ICE agenti tomonidan 37 yoshli Rene Gud o‘ldirilganidan keyingi uch haftaga ham yetmay sodir bo‘lgan. Tramp ma’muriyati Gudni “ichki terrorist” deb atagan va uni o‘qqa tutgan ICE xodimi go‘yoki o‘zini himoya qilish tartibida harakat qilgan, chunki u go‘yoki “mashina bilan bosib ketish”ga uringan, deb iddao qilgan.

Minneapolis aholisi antimigrant reydlariga qarshi chiqmoqda: ko‘ngilli kuzatuvchilar qo‘shnilarni ICE paydo bo‘lgani haqida ogohlantira boshlagan, uydan chiqishdan qo‘rqayotgan migrant oilalariga oziq-ovqat yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan, yirik norozilik aksiyalari o‘tkazilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid