Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oylikka ishlamayotgan chinovniklar. Nega bunday bo‘lyapti?
Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda juda ko‘p chinovniklar ishdan olindi, ba’zilari qamaldi, korrupsiyada gumonlanganlar ham bo‘ldi. Mayda-chuyda mulozimlar emas, katta-katta odamlar, butun boshli generallar ishdan olindi. Bir muddat Eron, Amerika, Venesuela siyosati bilan band bo‘lgan siyosiy hushyor fuqarolarimiz o‘zbekcha ism-familiyalarni muhokama qila boshladi...
O‘zaro suhbatlarimizda ustozimiz Shuhrat Shokirjonov «uka, bizga IKEA kirib kelgan kuni chindan rivojlangan bo‘lamiz», deb aytardilar. Men esa qachonki vazirlar, katta-katta chinovniklar hisobchining oldiga kirib, «oylik qachon tushadi», deb so‘ray boshlasa, o‘shanda to‘g‘ri yo‘lga tushgan bo‘lamiz, derdim. Hozir ham shu fikrimda sobitman.
Davlat xizmatchilari chinakam oylikka ishlaydigan odamlarga aylanishi mamlakat rivojlanishi uchun muhim omil. «Buning imkoni yo‘q», deydi ko‘pchilik, lekin imkoni borligini ko‘rdik: davlat YPX xodimlarining maoshini oshirdi, har bir yozilgan jarimadan ularga bonus bera boshladi. Qarabsizki, tizimda korrupsiya deyarli yo‘qoldi. Kichik holatlar uchrayotgandir, lekin bir necha yil oldingi bilan solishtirganda, farq yer bilan osmoncha.
O‘zbekiston davlat xizmatchisi faqat oylikka ishlaydigan odamga aylanishi uchun real harakatlar amalga oshirishni boshladi. Chinovniklar hozir havas qilarli maosh oladi, boshqa kasb egalari bilan solishtirganda, albatta. Masalan, kuni bilan siz-u bizning bolalarimizga qarab, ularga bilim beradigan bog‘cha ishchilari bilan qiladigan ishidan daragi yo‘q, nima qilarini o‘zi ham bilmaydigan chinovnikning maoshini solishtirsangiz, farq juda katta. Vaholanki, bog‘chadagi pedagoglar mamlakatdagi aksar chinovniklardan foydaliroq ish qilishadi.
Davlat o‘z xizmatchilari maoshini tizimli oshirayotgan bo‘lsa ham poraxo‘rlikni yenga olmayotgani bugungi kundagi eng jiddiy muammomiz. Buning sabablari ko‘p: dunyoqarash, chinovniklar farovon hayotga o‘rganib qolgani, balki haqiqiy korrupsionerlar jazolanmayotgani. Nima bo‘lganda ham, davlat hal qilishi kerak bo‘lgan eng jiddiy muammo mana shu. Korrupsiya haqidagi xabarlarni o‘qiganda, undagi mulozimlarning lavozimi va qanaqa katta pullar haqida gap ketayotgani to‘g‘risi qo‘rqinchli.
Boshida biror bemorning yaqini tushlik puli deb bergan arzimagan pulni olgan hamshirani ashaddiy korrupsiyachidek ko‘rsatib, tabiiyki, kulgiga qolishdi. Oxirgi yillarda hartugul yo‘nalishni o‘zgartirib, juda katta mulozimlar poraxo‘rlik ayblovi bilan qo‘lga olindi.
Mana shu milliardlab pullarni o‘zlashtirishda gumonlanayotgan mulozimlar oladigan maoshlarini millionlab o‘zbekistonliklar orzu qiladi. Lekin afsuski, davlat har qancha harakat qilmasin, har qancha maoshini oshirmasin, bu chinovniklarni oylikka ishlaydigan davlat xizmatchisi qila olmayapti. Ular baribir hisobchidan «oylik qachon tushadi?» deb so‘ramayapti.
Dunyoqarash
Chinovniklar orasida korrupsiya holatlari kamaymayotganining sabablari ko‘p. Asosiy sabablarni hammamiz yaxshi bilamiz. Biz esa keling, tinchgina dunyoqarashning bunga qanday ta’sir qilayotgani haqida gaplasha qolamiz. Ruschasiga aytganda, «ot grexa podalshe».
Bizda mansabdorlarga nisbatan noto‘g‘ri qarash shakllangan. «Faloncha chinovnik bo‘libdi», deyishsa, o-o-o deyishadi. Ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga endi o‘sha odam boyib ketishi keladi. Vaholanki, bizning qonunchiligimiz ham dunyodagi boshqa davlatlar qonunchiligi kabi mansabdorlarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni taqiqlaydi.
Ya’ni davlat xizmatchisi boy bo‘lishi aslida imkonsiz, chunki unga tadbirkorlik qilish, savdo qilish, mehmonxona ochish va boshqa pul keladigan ishlar bilan shug‘ullanish mumkin emas. Bu ma’noda chinovnik bo‘lish – boy bo‘lishdan voz kechish, jo‘mardlik qilish degani aslida.
Aytaylik, bizning Samarqandda Registonga yaqin joyda bir mehmonxona ochsangiz, bahordagi sayyohlik mavsumida «pulning tagida qolib ketasiz». Lekin bizda hech kim «vau, falonchining mehmonxonachasi bor ekan, mana bu bechora oylikka qarab qolgan davlat xizmatchisi ekan», demaydi. «O-o-o, falonchi chinovnik ekan», deyishadi. Biz ana shu qarashdan voz kecholmas ekanmiz, nimanidir o‘zgartirishimiz qiyin. Chunki chinovnik ham shu xalqning ichidan chiqadi...
Mavzuga oid
09:42 / 29.01.2026
Xorazm hokimliklarida o‘rganish: 60 ga yaqin xodimning tadbirkorlik faoliyati aniqlandi
19:33 / 28.01.2026
Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi korrupsiya tufayli qamoq jazosiga hukm qilindi
18:23 / 27.01.2026
“O‘zbekneftgaz” va Davaktivda katta taftish ketmoqda
15:09 / 27.01.2026