Jahon | 16:17
3481
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Trampning iltimosiga qaramay Ukrainaga yana zarba berdi

Rossiya harbiylari Ukrainaga dronlar va raketa bilan yangi keng ko‘lamli zarba berdi. Hujum Ukraina shaharlariga zarbalarni to‘xtatish haqidagi bayonotlar fonida sodir bo‘ldi.

Foto: AP

Rossiya armiyasi juma kuni, 30 yanvarga o‘tar kechasi Ukrainaga 111 ta uchuvchisiz apparat (dron) va bitta “Iskander-M” ballistik raketasi bilan zarba berdi, deb xabar qildi Ukraina Qurolli kuchlarining Havo kuchlari. Ukraina harbiylari raketa urilganini va 25 ta zarba beruvchi dronning 15 ta joyda nishonga tekkanini qayd etgan. Havo mudofaasi kuchlari Rossiyaning 80 ta dronini urib tushirish yoki yo‘lda ushlab qolishga muvaffaq bo‘lgan, ammo hujumlar kunduzi ham davom etgan.

Ukrainaning Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati Xarkiv shahri atrofidagi hududda katta yong‘in chiqqanini ma’lum qildi: raketa zarbasi fuqarolik korxonasiga tegishli ombor binosiga berilgan. Yong‘in 5000 kv metrdan ortiq maydonni qamrab olgan, oqibatlarni bartaraf etishga sapyorlar va 80 nafardan ortiq qutqaruvchi jalb etilgan.

Rossiya hujumi Ukraina infratuzilmasiga zarbalarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani haqida xabarlar paydo bo‘lganidan keyin bir sutka ham o‘tmasdan sodir bo‘ldi.

Bir kun oldin kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp qattiq sovuqlar sabab Moskva Ukraina shaharlariga zarbalarni bir haftaga to‘xtatishga rozi bo‘lganini aytgan. “Men shaxsan Putindan Kiyev va turli shaharlarga bir hafta davomida o‘q uzmaslikni so‘radim. U rozi bo‘ldi”, — degan Oq uy rahbari.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan energetik infratuzilmaga zarbalarni vaqtincha to‘xtatish haqida kelishuv bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqladi va Trampning vositachilik sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Keyinroq u Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot ham, imzolangan kelishuvlar ham bo‘lmaganini aniqlashtirdi.

Zelenskiyning aytishicha, agar Rossiya Ukraina energetikasiga zarba bermasa, Kiyev ham javob qaytarmaydi. “Menimcha, bu muzokaralarda vositachi — ya’ni AQSh kutgan javob edi”, — deya tushuntirgan Ukraina prezidenti.

Moskvada AQSh va Rossiya yetakchilari o‘rtasidagi suhbat bo‘lgani tasdiqlandi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Tramp Vladimir Putinga Kiyevga 1 fevralgacha zarba bermaslikni shaxsan iltimos qilgan. Peskov bu muzokaralar o‘tkazish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida zarur ekanini aytgan.

U, shuningdek, Putin amerikalik hamkasbining iltimosiga rozi bo‘lganini qo‘shimcha qilgan. Biroq Kreml vakili gap “energetik sulh” haqida ketyaptimi yoki umuman barcha zarbalarni to‘xtatish haqidami — buni aniqlashtirishdan bosh tortgan. “Detallar bo‘yicha oldin aytilganlarga qo‘shimcha qiladigan gapim yo‘q”, — degan Peskov.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid