Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent va Andijonda yer maydonlari bilan bog‘liq firibgarliklar fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor tadbirlarida yer maydonlarini go‘yoki “tanishlar orqali” rasmiylashtirib berish bahonasida katta miqdorda pul olgan ikki nafar shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.Y. fuqaro O.Sh.ning ishonchiga kirib, Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi “T.B.” fermer xo‘jaligining 5 gektar hamda davlat zaxirasidagi 5 gektar — jami 10 gektar yer maydonini go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib olib berishi evaziga 200 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.S. fermer xo‘jaligi rahbari D.T. Jalaquduq tumanidagi davlat zaxirasidagi 8 sotix ekin yer maydonini fuqaro O.R.ga tanishlari yordamida turar joy qurish uchun olib berishi evaziga 9 500 AQSh dollarini qo‘lga kiritgani, shuningdek, yana 1 700 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani ma’lum qilindi.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.