Ta’lim | 11:27 / 31.01.2026
2946
2 daqiqa o‘qiladi

Uch bosqichli milliy tarbiya tizimi joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 yanvardagi qarori bilan “Uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturi” tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 yanvardagi tegishli qarori bilan uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirishga qaratilgan dastur tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy hamda oliy ta’lim tashkilotlarida yagona milliy tarbiyaning yaxlit tizimini yaratish belgilandi. Shuningdek, har dushanba kuni barcha ta’lim tashkilotlarida “Kelajak soati” darsi o‘tkazilishi, dars ssenariylari asosida tayyorlangan kontentlar milliytarbiya.uz elektron platformasiga joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Dasturda belgilangan vazifalarga erishish maqsadida O‘zbekistonning milliy tarbiya modeli ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, har yili ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul rahbar va pedagoglar o‘rtasida “Milliy qadriyatlar targ‘ibotchisi” respublika tanlovi o‘tkaziladi.

Muddatlar:

  • 2026 yil 1 iyunga qadar — milliy tarbiya modeli hamda har yili 1 sentabrga qadar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy ish rejalari tasdiqlanadi;
  • 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab — “Jasorat maktablari” o‘quvchilari o‘rtasida ikki bosqichdan iborat “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasi o‘tkaziladi;
  • 2026 yil iyun oyida — ta’lim tashkilotlaridagi “Vatan tayanchi” harakati a’zolari uchun harbiy-vatanparvarlik forumi tashkil etiladi.

Qayd etilishicha, dastur uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 3–6 yoshli bolalarda milliy o‘zlik tuyg‘usini rivojlantirishga e’tibor qaratilsa, ikkinchi bosqichda 7–18 yoshli o‘quvchilarda ma’naviy merosni o‘rganish, mustaqil qaror qabul qilish va mas’uliyat kabi fazilatlarni shakllantirish belgilangan. Uchinchi bosqichda esa 16–22 yoshli o‘quvchi va talabalarda milliy qadriyatlarga hurmat, vatan himoyasiga tayyorlik va faol fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish maqsad qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid