Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiya okean tubida nodir yer elementlarini aniqladi
Yaponiya ilmiy-tadqiqot missiyasi 6000 metr okean chuqurligida noyob yer elementlari saqlagan cho‘kmalarni aniqladi. Yaponiya qimmatbaho minerallarni Xitoydan yetkazib berishga bo‘lgan qaramligini kamaytirishga intilmoqda.
Yaponiya tadqiqot missiyasi davomida okeanning 6000 metr chuqurligida noyob yer elementlarini o‘z ichiga olgan cho‘kmalar topildi. Bu haqda Tokiodagi hukumat dushanba, 2 fevral kuni ma’lum qildi.
Namunalar dekabr oyida Tinch okeanda joylashgan, Yaponiyaga qarashli Minamitori oroli tomon yo‘l olgan “Chikyu” nomli chuqursuv ilmiy burg‘ilash kemasi orqali yig‘ilgan. Olimlar bahosiga ko‘ra, orol atrofidagi suvlarda 16 million tonnadan ortiq noyob yer elementlari yashiringan bo‘lishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, ushbu kon dunyodagi eng yiriklaridan biriga aylanadi.
“Agar Yaponiya Minamitori hududida noyob yer elementlarini doimiy ravishda muvaffaqiyatli qazib olishga erishsa, bu sanoatning muhim tarmoqlari uchun ichki ta’minot zanjirini ta’minlaydi”, — dedi AFP agentligiga Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti (IISS) ilmiy xodimi Takaxiro Kamisuna. Uning ta’kidlashicha, bu amaldagi bosh vazir Sanae Takaichi hukumati intilayotganidek, Xitoydan noyob yerlar yetkazib berilishiga qaramlikni kamaytirishga ham yordam berishi mumkin.
Noyabr oyida Yaponiya hukumati rahbari bo‘lgan birinchi ayol — Takaichi Xitoyning Tayvanga hujumi Yaponiya uchun “omon qolishga tahdid soluvchi vaziyat” sifatida baholanishi mumkinligini aytgan edi. Yaponiya qonunchiligiga ko‘ra, agar boshqa davlatga hujum Tokio uchun ham ochiq va ravshan tahdid tug‘dirsa, armiyani boshqa davlatlar hududida qo‘llashga ruxsat beriladi. Pekin, agar Yaponiya bosh vaziri bu so‘zlaridan voz kechmasa, javob choralari bilan tahdid qilgan.
6 yanvar kuni Xitoy Savdo vazirligi Yaponiyaga ikkilamchi (dual-use) qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilishni taqiqlashini e’lon qildi. Noyob yer elementlarining bir qismi ham shu ro‘yxatga kiradi.
Nodir yer elementlari — o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan 17 ta kimyoviy elementdan iborat guruh. Ular yuqori texnologiyali qurilmalar, xususan radioelektronika va asbobsozlik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur.
Nodir yer metallari zaxiralari bo‘yicha yetakchi — Xitoy (44 mln tonna). Undan keyin Vetnam (22 mln tonna), Braziliya (21 mln tonna), Rossiya (10 mln tonna) va Grenlandiya (2 mln tonna) keladi.
Mavzuga oid
18:57 / 15.06.2026
Yaponiya O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish uchun 230 mln dollar kredit ajratadi
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
20:36 / 06.06.2026
Talaba vizasining muddati tugagan o‘zbekistonlik Yaponiyadan deportatsiya qilindi
18:54 / 05.06.2026