Jahon | 09:00
1837
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Kiyev va Xarkivga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra, raketa zarbalari tahdidi sabab Kiyev, Xarkiv va Ukrainaning bir qator hududlarida havo hujumi xavfi e’lon qilindi va portlashlar eshitildi. Kiyevda havo harorati 20 daraja sovuq, Xarkivda esa - minus 22.

Foto: Gleb Garanich/REUTERS

Rossiya armiyasi 3 fevral, seshanbaga o‘tar kechasi Ukrainaning bir qator hududlariga yana ommaviy zarba bermoqda, portlashlar sodir bo‘ldi. Bu haqda Telegram orqali Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari hamda Kiyev va Xarkiv hokimiyatlari xabar qildi. Rossiya zarbalari paytida Kiyevda 20 daraja sovuq, Xarkovda esa minus 22 bo‘lgan.

«Rossiyaliklar qahraton sovuqda Kiyevga yana navbatdagi ommaviy zarbani berishga qaror qildi. Hozircha Dnipro tumanidagi bir nechta ko‘p qavatli turar joy binolari, ta’lim muassasasi hujum oqibatida shikastlangani haqida xabarlar kelmoqda», — deb yozdi mahalliy vaqt bilan soat 01:30 lar atrofida Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko. Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko esa poytaxtning Darnitskiy tumanidagi noturar joy hududiga zarba tekkani va Dnipro tumanida bolalar bog‘chasi binosida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi.

Biroz vaqt o‘tgach, Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari hujum oqibatlari haqida ma’lum qildi. Uning aytishicha, Darnitskiy tumanida bir erkak jabrlangan, shifokorlar unga joyida yordam ko‘rsatgan. Shu tumanda 25 qavatli va 5 qavatli uy shikastlangan, Dnipro tumanida esa 5 qavatli turar joy binosi shikastlangan, yana ikki joyda «dushman obektlari parchalari ochiq hududda» topilgan, deb qo‘shimcha qildi Tkachenko. Bundan tashqari, Kiyevning Pecherskiy tumanida AYoQSh (yonilg‘i quyish shoxobchasi) binosi va to‘xtab turgan avtomobillar shikastlangan, Shevchenko tumanida esa dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 22 qavatli turar joy binosi zarar ko‘rgan, dedi u.

Xarkiv shahar meri Igor Terexov RF shaharga ballistik raketalar bilan bir nechta zarba berganini, Slobodskoy tumanida ikki marta zarba tekkani qayd etilganini bildirdi. O‘z navbatida Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov viloyatda hujumkor uchuvchisiz uchish apparatilar hamda boshqariladigan aviabombalar qo‘llangan bir nechta hujum bo‘lganini aytdi. «Dushman o‘qqa tutishi natijasida Xarkivda ikki kishi jabrlandi. 27 yoshli va 58 yoshli erkaklar hozirda shifokorlar yordamini olmoqda», — deb yozdi u Telegram-kanalida hamda Dergachi shahrida yana ikki kishi yaralanganini qo‘shimcha qildi.

Terexov zarbalar «maqsadli ravishda energetika infratuzilmasiga» qaratilganini ta’kidladi. Hokimiyat «og‘ir qarorlar qabul qilishga» majbur bo‘ladi, jumladan «eng yirik IESdan biridan ta’minlanadigan 820 ta uyga xizmat ko‘rsatuvchi issiqlik ta’minoti tizimidagi issiq tashuvchini o‘chirish» kerak bo‘ladi, deb tushuntirdi shahar rahbari. «Kritik infratuzilmaga qilingan hujum boshqa variant qoldirmayapti. Mutaxassislarimiz boshqa chiqish yo‘lini ko‘rmayapti», — dedi u. Merning so‘zlariga ko‘ra, shaharda 101 ta «Matonat punktlari» kecha-yu kunduz davomida ishlaydi — u yerda isinish va gadjetlarni quvvatlash mumkin bo‘ladi. Zarur bo‘lsa, hokimiyat qo‘shimcha isitish punktlarini ham tashkil etishini va’da qildi.

Rossiya o‘tgan kechasi Ukrainaning energetika infratuzilmasiga qaytadan zarba berishni boshladi va shu bilan to‘rt kun oldin e’lon qilingan «energetik sulh»ni to‘xtatdi. 2 fevralga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Xarkiv, Sumi, Dnipropetrovsk va Cherkassk viloyatlaridagi energetika obektlariga hujum qilganini Ukraina energetika vaziri birinchi o‘rinbosari Artyom Nekrasov ma’lum qildi.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zarar ko‘rgan energoobektlarda tiklash ishlari to‘xtamayapti, ammo Kiyev va Kiyev viloyatida quvvatlar tanqisligi saqlanib qolmoqda. Shuningdek, og‘ir ob-havo sharoiti tufayli Odessa, Mikolayiv va Kirovoxrad viloyatlarida 160 dan ortiq aholi punktlari elektr ta’minotisiz qolgan.

Vazir o‘rinbosari, shuningdek, Dnipropetrovsk viloyatida energetika sohasi xodimlariga qaratilgan maqsadli hujum bo‘lganini aytdi: u yerda Rossiya tomoni «Ternovskaya» shaxtasi yaqinida, Pavlograd tumanidagi kon hududida joylashgan energetika korxonalaridan biriga tegishli xizmat avtobusini dronlar bilan urgan. Natijada shaxtaning 16 nafar xodimi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan. 2 fevral kuni kunduzi Rossiya tomoni o‘sha korxonaga ikkinchi marta zarba bergan, ma’muriy binolar shikastlangan, deb ma’lum qildi DTEK energetika kompaniyasi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid