Jahon | 16:05 / 03.02.2026
3108
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya olimlarning “do‘st bo‘lmagan” davlatlarga safarlarini chekladi

RF hukumati “do‘st bo‘lmagan” deb e’lon qilingan davlatlarga safarlar masalasida olimlarga ularni hokimiyat bilan kelishishni qat’iy tavsiya qildi. 

Foto: AP

Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi federal ta’lim va ilmiy tashkilotlarga xat yuborib, ayrim xorijiy davlatlardagi tadbirlarni “siyosiylashuv ehtimoli nuqtai nazaridan sinchiklab baholash”ni talab qilgan. Bu haqda dushanba, 2 fevral kuni “Vedomosti” gazetasi ikki yirik federal OTMdagi manbalarga tayanib xabar qildi.

Nashr suhbatdoshlaridan birining aytishicha, xat tarqatilishidan oldin ham federal OTMdan birida bir necha olimning bahorga rejalashtirilgan xorijiy safarlari to‘xtatib qo‘yilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb davlatlariga xizmat safariga chiqmoqchi bo‘lgan boshqa bir qator olimlar ham “siyosiy bahonalar” bilan ushlab qolinishidan xavotirda — garchi ular RFning Ukrainaga qarshi to‘laqonli urushi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini ochiq bildirmagan bo‘lsa ham.

“Vedomosti”ning yana bir manbasi bildirishicha, so‘nggi ikki yilda MGU va VShEda olimlarning “odatiy” chet el xizmat safari yo‘nalishlari faol ravishda Turkiya va Saudiya Arabistoniga almashtirila boshlangan. Shuningdek, Eronga xizmat safari soni ham sezilarli oshgan — garchi ko‘pchilik ilmiy xodimlar uchun bu mamlakat “umuman ixtisoslik bo‘yicha to‘g‘ri kelmasa” ham.

Manba qo‘shimcha qilishicha, xizmat safariga yuborilayotganlar orasida ilmiy rahbarlar va boshqa ma’muriy lavozimdagi shaxslar ham bor, ular shaxsan Yevropa ittifoqi va AQShning individual sanksiyalari ostida bo‘lishi mumkin.

MIFI matbuot xizmati xalqaro ilmiy aloqalar va olimlarning xorijiy xizmat safari qisqarishi “ancha oldinroq — sanksiyalar va Rossiyaning bir qator ilmiy hamkorliklardan chiqarib qo‘yilishi oqibatida” ro‘y berganini aytgan. Bauman nomidagi MGTU esa faqat “do‘st” davlatlar bilan hamkorlik qilishini bildirgan.

“Vedomosti” manbalariga ko‘ra, xorijga chiqish bilan bog‘liq vaziyat Polshada rossiyalik arxeolog Aleksandr Butyagin Ukraina so‘rovi bilan ushlanganidan keyin yanada murakkablashgan. Gap uning Rossiya Qrimni qo‘shib olganidan keyin yarimorolda olib borgan qazish ishlari haqida ketmoqda.

Bundan oldin Telegram’dagi T-Invariant kanali ham olimlarni xorijiy safarlarni hokimiyat bilan kelishishga chaqirgan tavsiyalar haqida yozgan va RF fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy imzolagan xat nusxasini e’lon qilgan. Unda ilmiy xodimlar “do‘st bo‘lmagan” mamlakatlardagi tadbirlarni “sinchiklab baholash” va “ishtirok etish maqsadga muvofiqligini oldindan ishlab chiqish”ga chaqirilgan, zarur bo‘lsa, vazirlikning xalqaro hamkorlik departamentini xabardor qilish kerakligi aytilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid