Jahon | 23:24 / 04.02.2026
938
2 daqiqa o‘qiladi

Trampga suiqasd qilishda ayblangan shaxs umrbod qamoq jazosini oldi

Ayblanuvchi Rayan Raut 2024 yil sentabrda Tramp bo‘lgan golf maydoni yaqinida miltiq bilan yashiringanida qo‘lga olingan edi.

Foto: Martin County Sheriff's Office

AQSh Federal sudi Donald Trampga suiqasd qilishga urinish ishi bo‘yicha Rayan Rautni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Hodisa 2024 yil sentabr oyida Uest Palm Bich shahrida (Florida shtati) sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Raut o‘sha paytda Tramp bo‘lgan golf maydoni yaqinida miltiq bilan yashiringan. Gumonlanuvchini AQSh Maxfiy xizmati xodimi payqab qolgan, shundan so‘ng u qo‘lga olingan. Hodisa oqibatida Donald Tramp jabrlanmadi.

Sud Rautni bir nechta jinoiy moddalar, jumladan, AQSh prezidentligiga nomzodni o‘ldirishga urinish, o‘qotar qurolga noqonuniy egalik qilish va federal agentga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga muddatidan oldin ozod qilish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga qo‘shimcha ravishda qurol epizodi bo‘yicha yetti yillik jazo tayinlandi.

Prokuraturaning ta’kidlashicha, sudlanuvchi hujumga puxta tayyorgarlik ko‘rgan, o‘z harakatlarini yashirish uchun bir nechta mobil telefonlar va soxta ismlardan foydalangan. Rautning o‘zi sud jarayonida qotillik sodir etish niyatida bo‘lmaganini ta’kidladi, biroq sud bu dalillarni asossiz deb topdi.

Hukmni federal sudya Aylin Kennon chiqardi, u sudlanuvchining ijtimoiy xavflilik darajasi yuqoriligi va unda pushaymonlik alomatlari yo‘qligini ta’kidladi. Hukm e’lon qilingandan so‘ng, Raut sud zalida o‘ziga zarar yetkazmoqchi bo‘ldi, ammo federal marshall xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid