Jahon | 15:23 / 04.02.2026
1299
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya rahbari 24 fevral arafasida Kiyevga boradi

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganining to‘rtinchi yilligi munosabati bilan Ukrainaga tashrif buyuradi. U Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning taklifini qabul qilgan. Bu haqda 3 fevral kuni Bryusselda uning matbuot kotibi Paula Pino ma’lum qildi.

Foto: Kenzo Tribouillard/dpa/Pool AFP/AP/picture alliance

Uning so‘zlariga ko‘ra, amalga oshiriladigan tashrif “Yevropa Ittifoqining Ukraina bilan hamjihatligi, shuningdek Rossiyaning davom etayotgan tajovuzi oldidagi qat’iyati va birdamligining ramzi” bo‘ladi. Bryusselda tashrif tafsilotlari hali muhokama qilinayotgani aytildi.

Joriy haftada Yevrokomissiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi munosabati bilan 20-paket sanksiyalar bo‘yicha taklif kiritadi. Uni 24 fevral kuni qabul qilish rejalashtirilgan.

3 fevral kuni Kiyevga NATO bosh kotibi Mark Ryutte tashrif buyurdi.

To‘rtinchi yillikka ikki yarim hafta qolganida, 4–5 fevral kunlari Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalari o‘rtasida navbatdagi tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, so‘nggi haftalarda Rossiya mamlakatdagi kuchli sovuqlar fonida Ukraina energetik infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirgan.

Rossiya 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga keng ko‘lamli hujumni boshlagan. Bundan oldin, 2014 yilda Qrimni qo‘shib olgan va o‘sha yildan boshlab Donbassdagi janglarni qo‘llab-quvvatlab kelgan, biroq ishtirokini ommaviy ravishda inkor etgan. Shu vaqtdan beri Yevropa Ittifoqi Kiyevga keng ko‘lamli yordam ko‘rsatib kelmoqda, jumladan qurol-yarog‘ yetkazib berish orqali. Dekabr sammitida YeI yetakchilari Ukrainaga 2026–2027 yillar uchun 90 mlrd yevro miqdorida foizsiz kredit ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid