Yevropa komissiyasi Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning 20-paketi bo‘yicha o‘z taklifini juma kuni, 6 fevralda taqdim qildi. Paket RFning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli hujumi boshlanganiga to‘rt yil to‘lishi — 24 fevral sanasiga bag‘ishlangan. U Rossiya neftini eksport qilishning barcha hajmi uchun dengiz xizmatlarini to‘liq taqiqlashni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen aytishicha, yangi sanksiyalar paketi doirasida Yevroittifoq “soya floti” ro‘yxatiga yana 43 ta kemani qo‘shib, ularning umumiy sonini 640 taga yetkazgan, shuningdek Rossiya uchun tankerlar sotib olishni qiyinlashtirgan. STG (suyultirilgan tabiiy gaz) tankerlari va muzyorar kemalar uchun texnik xizmat ko‘rsatish va boshqa xizmatlarga keng qamrovli taqiqlar joriy etiladi — bu Rossiya gaz eksport loyihalarining salohiyatini qo‘shimcha ravishda pasaytirishi kerak.
Bayonotga ko‘ra, sanksiyalarning ikkinchi blokida YeI Rossiya bank tizimiga bosimni kuchaytiradi. Cheklovlarga yana 20 ta hududiy bank, shuningdek sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun ishlatiladigan kriptovaluta institutlari, kompaniyalar va platformalar tushadi. Qo‘shimcha choralar sanksiya ostidagi tovarlar bilan noqonuniy savdoga ko‘maklashuvchi uchinchi mamlakatlar banklariga ham taalluqli bo‘ladi.
Uchinchi blok savdo cheklovlarini yanada qattiqlashtirishni nazarda tutadi. YeI qiymati 360 mln yevrodan oshadigan miqdorda tovar va xizmatlar eksportiga yangi taqiqlar kiritmoqda — rezina va traktorlardan tortib kiberxavfsizlik sohasidagi xizmatlargacha. Shuningdek, qiymati 570 mln yevrodan ortiq bo‘lgan metalllar, kimyoviy mahsulotlar va o‘ta muhim minerallar importi bo‘yicha yangi cheklovlar, shuningdek harbiy maqsaddagi tovar va texnologiyalar eksportiga qo‘shimcha taqiqlar joriy etiladi, bunga portlovchi moddalar ishlab chiqarish uchun materiallar ham kiradi. Ammiak importi uchun kvota taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, YeI ilk bor sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi instrumentni faollashtirib, dasturiy boshqaruvli stanoklar va radiostansiyalar eksportini — ularning Rossiyaga qayta eksport qilinishi xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlarga taqiqlaydi.
Yakunda Yevrokomissiya YeI kompaniyalari uchun kuchaytirilgan huquqiy kafolatlarni taklif qilmoqda: bu sanksiyalar qo‘llanishi sharoitida Rossiyada intellektual mulk huquqlari buzilishi va adolatsiz ekspropriatsiyadan himoya qilishga qaratilgan.
Sanksiyalarni joriy qilish uchun Yevroittifoqqa a’zo barcha davlatlarning konsensusi talab etiladi.
















