Jahon | 08:26 / 05.02.2026
1608
3 daqiqa o‘qiladi

Qishki Olimpiada: Italiya Rossiya kiberhujumlarini qaytarganini ma’lum qildi

Italiya kiberxavfsizlik kuchlari mamlakat TIVning bir nechta saytlari hamda Olimpiadaga bog‘liq obektlarga qaratilgan hujumlarning oldini oldi. Bu haqda Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani ma’lum qildi, u hujumlarni Rossiya bilan bog‘ladi.

Antonio Tayani Foto: Dursun Aydemir/Anadolu

Italiya bir qator kiberhujumlarni bartaraf etdi: hujumlar mamlakat Tashqi ishlar vazirligining ayrim idoralari saytlariga, jumladan Vashingtondagi ofis saytiga, shuningdek Qishki Olimpiya o‘yinlari bilan bog‘liq saytlar va Kortina-d’Ampetssodagi mehmonxonalar saytlariga qaratilgan. Bu haqda Italiya TIV rahbari Antonio Tayani chorshanba kuni, 4 fevralda Milandagi “San-Siro” stadionida Olimpiadaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tishiga ikki kun qolganda ma’lum qildi.

AQSh poytaxtiga yo‘l olganida jurnalistlar bilan suhbatda Tayani buzib kirishga urinishlar “Rossiyadan amalga oshirilganini” aytdi, biroq qo‘shimcha tafsilot keltirmadi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ushbu mavzuda maqola e’lon qilingan paytgacha izoh bermadi.

Shu orada Italiyadagi kiberhujumlar uchun javobgarlikni Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan Noname057 hakerlar guruhi o‘z zimmasiga oldi. “Italiya hukumatining ukrain yo‘nalishi shunga olib keladiki, ukrain terroristlarini qo‘llab-quvvatlash bizning DDoS-hujumlarimiz bilan jazolanadi”, — deb keltiradi AFP agentligi nemis tilida ushbu guruh bilan bog‘liq deb hisoblanadigan Telegram-kanalda e’lon qilingan bayonotni.

Shu — 4 fevralda Italiya ichki ishlar vaziri Matteo Pyantedozi parlamentda chiqish qilib, Olimpiada obektlari xavfsizligini ta’minlash uchun (Milandan to Dolomit Alplarigacha) uning idorasidan 6000 nafar xodim jalb etilishini ma’lum qildi. Ular orasida snayperlar, bomba zararsizlantirish bo‘yicha mutaxassislar va terrorizmga qarshi kurash bo‘linmalari ham bor.

Bundan oldin, 3 fevralda Italiya politsiyasi 26 yanvardan beri Olimpiadaga bog‘liq saytlarni himoya qilish bilan shug‘ullanadigan maxsus kiberxavfsizlik bo‘linmasi ishlayotganini bildirgan edi. Uning maqsadi — “muhim ahamiyatga ega infratuzilmani himoya qilish va ehtimoliy terroristik tahdidlarning oldini olish”.

Ukrainada davom etayotgan urush sababli Rossiya va Belarus davlat darajasida 6–22 fevral kunlari Milan va Kortina-d’Ampetssoda o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdan chetlatilgan. Biroq har ikki mamlakat sportchilariga musobaqalarda neytral maqomda ishtirok etishga ruxsat berilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid